Tramp Xitoyning shamol turbinalarni sotib olayotganlarni «ahmoqlar» deb atadi
Tramp bayonotiga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp shamol energetikasi mavzusida bahsli bayonot bilan chiqdi. U Xitoy deyarli butun dunyo uchun shamol turbinalarini ishlab chiqarayotganini, biroq Xitoyning o‘zida shamol elektr stansiyalarini ko‘rmayotganini aytdi. Tramp hatto bu turbinalarni sotib olayotgan davlatlarni «ahmoqlar» deb atadi.
Ushbu chiqish Trampning «yashil energiya» siyosatiga qarshi uzoq yillik pozisiyasining davomi sifatida baholanmoqda. U avval ham shamol va quyosh energetikasini «asr firibgarligi» deb atagan, AQSh esa uning prezidentligi davrida jahondagi eng yirik qazilma yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi davlat sifatida qolgan. Davosdagi nutqida Tramp Xitoy bu sohada asosiy ishlab chiqaruvchi bo‘la turib, mahsulotni asosan boshqa mamlakatlarga sotish orqali katta moliyaviy foyda olayotganini ta’kidladi.
Xitoyning rasmiy javobi
Tramp bayonotiga Xitoy zudlik bilan rasmiy munosabat bildirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Szyakun matbuot anjumanida Xitoyning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi harakatlari va qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirishdagi hissasi barchaga ma’lum ekanini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Xitoyda shamol energetikasi bo‘yicha o‘rnatilgan quvvat hajmi ketma-ket 15 yildan beri dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, Xitoy tomonidan eksport qilinayotgan shamol va quyosh energetikasi uskunalari boshqa mamlakatlarda karbonat angidrid chiqindilarini taxminan 4,1 milliard tonnaga kamaytirishga yordam bergan. Go Szyakun Xitoy o‘zini mas’ul rivojlanayotgan davlat sifatida global yashil transformasiyani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ham ta’kidladi.
Xitoyda shamol energiyasi islohoti
Xalqaro tahlillarga ko‘ra, Xitoy 2024 yilda jahonda ishlab chiqarilgan shamol energiyasining qariyb 40 foizini ta’minlagan. 2025 yilda esa shamol va quyosh energiyasi mamlakat elektr ishlab chiqarishining 26 foiziga yetgan. Ayni paytda mamlakatda 180 gW quyosh va 159 gigavatt shamol energetikasi loyihalari qurilish bosqichida.
Shuningdek, Xitoy g‘arbiy Gansu hududida joylashgan, dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga ega. Ushbu majmua to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng 20 gW quvvatga ega bo‘lib, millionlab uy xo‘jaliklarini elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
