Biz Zelenskiy va Putinning uchrashuviga juda yaqinmiz — Axios
AQSH, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar samarali bo‘ldi va ularda muayyan ilgarilashga erishildi. Portal bu haqda nomlari oshkor etilmagan amerikalik mansabdorlarga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning yozishicha, Kushner, Uitkoff va Amerika delegasiyasining boshqa a’zolari Rossiya–Ukraina ishchi guruhi yig‘ilishlari o‘tayotgan xonalar o‘rtasida qatnab yurgan.
"Barcha masalalar muhokama qilindi. Hech qaysi tomon biror jihatni muhokamadan chetlab o‘tmadi. Birorta savol e’tiborsiz qolmadi va bizga hech kimni majburlashga to‘g‘ri kelmadi. Hamma bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘ldi, chunki delegasiyalar tinchlikka erishish uchun yechim izlashdi", — deya amerikalik mansabdorlardan iqtibos keltiradi nashr Axios.
Amerikalik rasmiylar ikki kunlik muzokaralar davomida barcha masalalar, xususan Rossiyaning Donbass bo‘yicha hududiy da’volari, Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofidagi bahs hamda urush yakunlangani va qayta boshlanmasligini ko‘rsatish maqsadida har ikki tomondan keskinlikni pasaytirish uchun zarur qadamlarning tashlanishi muhokama qilinganini ma’lum qildi.
Muzokaralarning ikkinchi kuni yakunida uch delegasiya vakillari qo‘shma tushlikda qatnashgan.
"Abu-Dabidagi uchrashuv muzokaralarning navbatdagi bosqichiga olib boradigan muhim qadam bo‘ldi. Biz Putin va Zelenskiyning uchrashuviga juda yaqinmiz", — dedi Axios manbasi.
Uning aytishicha, agar Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uch tomonlama uchrashuvda yanada katta ilgarilashga erishilsa, Moskva yoki Kiyevda ikki davlat rasmiylarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishi mumkin.
