Abdusattorov “Tata Steel Chess-2024" g‘olibligi ostonasida

Abdusattorov “Tata Steel Chess-2024" g‘olibligi ostonasida

Hamyurtimiz Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan xalqaro turnirda ketma-ket o‘tkazilgan 3 ta turda g‘alabaga erishdi.

Dunyo shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan “Tata Steel Chess-2024" xalqaro turnirining kecha, 26 yanvar kuni kechki payti yakunlangan 11-turida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ayolar o‘rtasida jahon chempioni xitoylik Szyuy Venszyun bilan kurash olib bordi.

Abdusattorovning hujumlari, Szyuy Venszyunning himoyalanishi ostida kechgan o‘yinning 44-yurish holatida xitoylik shaxmatchi taslim bo‘lishdan boshqa chorasi qolmaganini angladi. Bu esa Nodirbekning g‘alabasini ta’minladi. Ushbu yutuq Abdusattorovni 7,5 ochko bilan turnirning “Masters” guruhida yakka peshqadamga aylanishiga olib keldi.

11-turning qolgan juftliklaridagi bahslarda quyidagi natijalar qayd etildi:

Dommaraju Gukesh – Alireza Firuzja 0,5:0,5;

Praggnanandhaa – Donchenko 0,5:0,5;

Parxam Magsudlu – Santosh Gujrat Vidit 0:1;

Vey – Varmerdam 0:1;

Din Lijen – Jordan Van Forest 0,5:0,5;

Anish Giri – Yan Nepomnyashiy 0,5:0,5.

Bugun, 27 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan xalqaro turnirning 12-turida Abdusattorov hindistonlik Santosh Gujrat Vidit bilan bahs olib boradi. Ushbu turda shuningdek, Alireza Firuzja – Yan Nepomnyashiy, Jordan Van Forest – Anish Giri, Varmerdam – Din Lijen, Szyuy Venszyun – Vey, Aleksandr Donchenko – Parxam Magsudlu, Dommaraju Gukesh – Praggnanandhaa ro‘baro‘ keladi.

Aytib o‘tganimizdek, Nodirbek Abdusattorov 7,5 ochko bilan “Masters” guruhida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi pog‘onada borayotgan Gukesh 7 ochkoga, Anish Giri, Santosh Gujrat Vidit, Praggnanandhaa va Vey 6,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

“Tata Steel Chess-2024" turnirining yakunlanishiga bir tur qolganini nazarda tutsak, 12-turda o‘tkaziladigan Abdusattorov – Santosh Gujrat Vidit kurashi musobaqa g‘olibligi yo‘lidagi markaziy bahslardan biri hisoblanadi.

Voqealar rivojidan oldinga o‘tgan holda ta’kidlash lozimki, hamyurtimiz mazkur uchrashuvda g‘alabaga erishsa, turnir g‘olibligi yo‘lida muddatidan oldin yashil chiroqlarni yoqqan bo‘ladi. Agar durang holati qayd etilsa, musobaqaning so‘nggi 13-turida Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko bilan bo‘ladigan o‘yinni ham jiddiyroq o‘tkazishi kerak bo‘lib qoladi.

Turnirning qolgan ikki turidagi vaziyat qay yo‘sinda kechishidan qat’iy nazar Nodirbek 86-bor tashkil etilayotgan “Tata Steel Chess-2024"da yangilanayotgan O‘zbekistonning intellektual salohiyati ne chog‘li yuksakligini yana bir karra ko‘rsatgani bilan qadrli bo‘lib qolaveradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!