2024 yilda O‘zbekiston birjasida qariyb 3 tonna oltin va kumush sotildi

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil davomida birja savdolari orqali 2 912,1 kilogramm oltin va kumush sotilgan.
Shu jumladan, 2 535,1 kilogramm oltin birja orqali sotilgan bo‘lib, uning 1 grammi uchun o‘rtacha narx 977,5 ming so‘mni tashkil etgan. Kumush savdolari hajmi 377 kilogrammga teng bo‘lib, 1 gramm uchun o‘rtacha narx 11 325,2 so‘m bo‘lgan.
Joriy yilning birinchi oyida tadbirkorlar birja orqali 195,7 kilogramm oltin sotib olgan. Yanvar oyi davomida 1 gramm oltinning o‘rtacha narxi 1 122,2 ming so‘mga yetgan, bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori.
Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich narxi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining birja bitimi tuzilgan sanadagi kursiga muvofiq, London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.
Hozirda London bozorida oltinning 1 unsiyasi uchun belgilangan narx 2 931,9 AQSh dollarini tashkil qilmoqda.
Birja bozorida “Olmaliq KMK” AJ va “Navoiy KMK” AJ qimmatbaho metallarni sotuvchi kompaniyalar sifatida ishtirok etmoqda. Xaridorlar asosan sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan korxonalar va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari hisoblanadi.
“O‘zRTXB“ AJ axborot xizmatiga ko‘ra, troy unsiyasi qimmatbaho metallar savdosida asosiy o‘lchov birligi sifatida foydalaniladi. Bir troy unsiyasi 31,1 grammga tengdir.