20 yoshli Rahima nega universitetdan haydaldi?

20 yoshli Rahima nega universitetdan haydaldi?

Rahima Akter Bangladeshning Koks-Bazar shahridagi xususiy universitetda o‘qish uchun rohinja millatiga mansub ekanini yashirishiga to‘g‘ri keldi, ammo uning oliy ma’lumotli bo‘lish orzusi baribir amalga oshmay qoldi – shu oy boshida universitet ma’muriyati Akterni o‘qishdan haydadi.

20 yoshli Akter Kutupalong qochqinlar lagerida o‘qish istagida bo‘lgan rohinjalar kurashining timsoliga aylandi: Bangladesh hukumati rohinjalarning mahalliy maktab yoki kollejlarida ta’lim olishiga ruxsat bermaydi.

O‘tgan yili u Associated Press tayyorlagan videolavhada ko‘rinish berib, rohinja bo‘lish qanday ekani va inson huquqlarini o‘rganish orzusi haqida gapirgan edi. Bu video bir yil o‘tib e’lon qilindi, shundan so‘ng huquqshunoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan Rahima Koks-Bazar xalqaro universiteti talabalari safidan chetlashtirildi.

«O‘sha video talabalarning telefonlarida paydo bo‘lganda hamma mendan «Sen rohinjamisan?» deb so‘ray boshladi. Ba’zilari hatto ochiqdan-ochiq o‘qishdan haydalishim kerakligini aytishdi, – deydi Rahima Akter «Al-Jazira»ga bergan intervyusida. – Universitetdan haydalmaslik uchun kimligimni berkitar edim. O‘zimni aybdor his qilardim, ammo boshqa ilojim yo‘q edi. Nahotki, ta’lim olish jinoyat bo‘lsa? Bu insonning asosiy huquqlaridan biri. Bunga aminman. Rohinja ekanligim uchun aybdor emasman».

U Koks-Bazaridagi xolasining uyida yashirinib yuribdi va o‘z xavfsizligidan xavotirda.

Rahima 12 yoshga to‘lganida otasi maktabga borishini taqiqladi va uni turmushga uzatmoqchi bo‘ldi. Uzoq urinishlar va iltijolardan keyingina otasi unga o‘qishini davom ettirishga ruxsat berdi.

U Bangladeshda tug‘ilib o‘sgan. Ota-onasi 1992 yilda Myanmadan Bangladeshga qochib o‘tganlar safida bo‘lgan.

Rohinja bolalariga faqat qochoqlar lagerlaridagi norasmiy boshlang‘ich maktablarda o‘qishga ruxsat berilgan. Ba’zi rohinja oilalari farzandlarining Bangladeshdagi ta’lim muassasalarida o‘qishlari uchun soxta hujjatlar tayyorlashga majbur bo‘lmoqda. Bu holat keskinliklarga sabab bo‘lmayotgandi, ammo joriy yilning yanvaridan boshlab Bangladesh hukumati rohinja talabalarini ta’qib qilishni boshladi.

Bangladesh hukumati rohinja qochqinlarini shartli ravishda ikki guruhga ajratadi: «ro‘yxatga olingan» qochqinlar va 2017 yil avgustida mamlakat hududiga kelib joylashgan «Myanmadan majburiy ravishda ko‘chirilganlar».

2017 yil avgustida Myanma harbiylari qonli tazyiqlar boshlagandan so‘ng 700 mingdan ortiq rohinja o‘z yerlarini tashlab qochishga majbur bo‘lgandi.

«Xalqaro qonunchilikka ko‘ra, Bangladesh huquqiy maqomidan qat’i nazar, o‘z hududidagi barcha bolalarga ta’lim olish huquqini berish majburiyatini oladi», – deydi Human Rights Watch tashkilotining bolalar huquqlari bo‘yicha direktori Bill Vans Esveld.

«Al-Jazira» Dakkadagi hukumat mulozimlariga tegishli masala yuzasidan murojaat qildi, ammo javob ololmadi.

Qochqinlarni himoya qilish va vataniga qaytarish bo‘yicha komissar Mahbub Alam Talukdar esa vaziyat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi. «Men sizlarga hech narsa deyolmayman, chunki bunday vakolatga ega emasman. Biz hozirda vaziyatni kuzatmoqdamiz», – dedi u.

Ushbu voqealar Bangladeshda rohinja qochqinlari borasida ishonchsizlik kuchayganidan keyin yuzaga kelgan. Taxminan 1,2 million rohinja Myanma bilan chegaradosh Koks-Bazardagi gavjum lagerlarda istiqomat qilmoqda, ularning mahalliy aholi bilan cheklangan resurslar va imkoniyatlar uchun raqobatlashishiga to‘g‘ri kelyapti.

Bangladesh va Myanma hukumatlarining rohinjalarni vataniga qaytarishga bo‘lgan urinishlari samara berganicha yo‘q.

Yaqinda Bangladesh hukumati xavfsizlikni ro‘kach qilgan holda qochqinlar lagerlarida mobil telefon xizmatlaridan foydalanishni ham to‘xtatib qo‘ydi.

Bundan tashqari, rohinjalarning Myanmadan chiqib ketganining ikki yilligi munosabati bilan 25 avgustda uyushtirilgan katta norozilik namoyishi Bangladesh hukumatini g‘azablantirdi.

«Bangladeshda rohinjalarga nisbatan munosabat keskin o‘zgarib ketdi, to‘g‘ri, rohinjalar dushman sifatida ko‘rilmayapti, ammo noroziliklar tobora ortib bormoqda, – deydi rohinjalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan Chittagong universiteti antropologi Nosir Uddin. – Akter masalasiga kelsak, qonuniy ravishda u Bangladeshda qochqin sifatida o‘qish huquqiga ega emas, ammo axloqiy nuqtai nazardan har kimning ta’lim olishi kafolatlanishi shart».

Akter bilan bog‘liq voqea mohiyatan Bangladeshda rohinja qochqinlari uchun vaziyatning qanchalik og‘irlashayotganini ko‘rsatadi. O‘tgan yilning noyabr oyida «Al-Jazira» bilan suhbatda u o‘zining kelajagi borasida juda xursand edi. Bugun esa bari boshqacha.

Rahima lagerlardagi yangi qochqinlardan tadqiqot loyihasi uchun ma’lumot to‘playdi. U bu yerdagi odamlarning qayg‘ulari haqida hamdardlik va afsus bilan hikoya qiladi.

«Men ularga yordam bermoqchiman. Rohinja bo‘lish nimani anglatishini tushuntirmoqchiman. Kimligimni yashirishimga to‘g‘ri kelganini ulkan omadsizlik sifatida qabul qilaman, – deydi u. – Bu yer mening uyim, hamon ortga – Myanmaga qaytarib yuborilishimdan juda qo‘rqaman».

Avvalroq kelgan ko‘plab qochqinlar singari uning oilasi ijtimoiy jihatdan bir qadar integrasiyalashgan, mahalliy tilda gapiradi va Bangladeshni o‘z vatani deb biladi.

Darsdan so‘ng bo‘sh vaqtlarida Rahima «Qizil Xoch» singari tashkilotlarda ko‘ngilli bo‘lib ishlaydi. Shuningdek, u lagerlardagi yordam agentliklarida tarjimon sifatida ham faoliyat olib borgan.

Akter o‘z hayoti boshqa rohinja qizlardan farq qilishini biladi:

«Aksar dugonalarim allaqachon turmushga chiqishgan, ularning ikki yoki uchtadan farzandlari bor. Dugonalarimning ko‘pchiligi muttasil zo‘ravonlikdan aziyat chekadi».

Yosh qochqin rohinjalarning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. YUNISEF ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning avgust oyi holatiga ko‘ra, qochqinlar lagerlarida 683 ming nafar bola bor. Ular lagerlardagi talabga umuman javob bermaydigan 2000 ta o‘quv markazlarida kuniga ikki soatdan norasmiy ta’lim olmoqda. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 97 foizi esa umuman o‘qimaydi. Ularning na diplom olishga, na haqiqiy o‘quv dasturlarida qatnashishga va na o‘rta maktabda o‘qishiga imkoniyati bor.

Universitetdan haydalganiga qaramay Rahima bilim olishdan to‘xtagani yo‘q.

«Ular meni diplomdan mahrum qilishlari mumkin, lekin bilmimni hech qachon tortib ololmaydilar», – deydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!