Yurtimizga 100 nanometrli koronavirusni million marta kattalashtirib ko‘rsatadigan noyob elektron mikroskop olib kelindi

Yurtimizga 100 nanometrli koronavirusni million marta kattalashtirib ko‘rsatadigan noyob elektron mikroskop olib kelindi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 avgustdagi tegishli farmoyishiga asosan, yurtimizda koronavirus hamda boshqa kasalliklarga qarshi samarali kurash, aniq tashxis va ular ustida yuqori texnologik ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika patologik anatomiya markaziga Yaponiyaning nufuzli “JEOL” kompaniyasi  tomonidan ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop olib kelindi.

Respublika patologik anatomiya markazi mamlakatimizdagi patologoanatomik xizmatning bosh muassasasi bo‘lib, barcha viloyatlar va yirik shaharlardagi davolash-profilaktika muassasalarida davolanayotgan kasalliklarni biopsiya usulida morfologik jihatdan aniqlash va kasallikdan vafot etganlar murdasini autopsiya usulida tekshirib, bevosita o‘lim sababini aniqlash, klinik diagnozni tahlil qilish, har qanday xatolikni aniqlash kabi tashxislash tadbirlarni amalga oshiradi. 

Vrach-patologoanatomlarning asosiy ish quroli yorug‘lik mikroskop va elektron mikroskop hisoblanadi. Yaponiyada ishlab chiqarilgan “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskop Innovasion rivojlantirish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirildi.

Ushbu transmission elektron mikroskop 1 nanometrli tuzilmani million marta kattalashtirib, 1 millimetr darajada ko‘rsatadi. Masalan: 100 nanometrli koronavirusni million marta kattalashtirib, 10 sm qilib ko‘rsatadi.

Hozirda “JEM-2100Plus” rusumdagi zamonaviy transmission elektron mikroskopdan to‘liq foydalanish va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish yo‘lga qo‘yildi.

15 apreldan boshlab yurtimizdagi barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlar bilan shartnomalar tuzilib, tadqiqotlar boshlab yuborildi. 1 maydan boshlab tekshirishga qabul qilingan biologik materialga maxsus tartibda ishlov berish, elektron mikroskopda ko‘rib o‘rganish, elektronnogrammalar olish, ularni ilmiy jihatdan tavsiflab, egasiga qaytarish yo‘lga qo‘yiladi. 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!