Yurtimizda za’faron plantasiyalari gulga burkandi (foto)
Yurtimizda shafran o‘simligi plantasiyalarini tashkil etish maqsadida “Agrobank”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zfarmsanoat”, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va “Vrand Investment Group” jamiyati hamkorligida “Shafran ilmiy tadqiqot markazi” tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Mazkur markaz 2017 yilning avgust oyida Gollandiyaning yirik kompaniyasidan 36,4 tonna tuganak piyozlar xarid qilgan edi. O‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida za’faron (shafran) plantasiyalarda ekilgan bu tuganak piyozlarning 95-98 foizi ko‘kardi. Dastlabki yilda ularning qariyb 40 foizi gulga kirdi. Demak, ular yurtimiz iqlimiga moslashmoqda.
O‘tgan yili Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatining turli hududlariga 12.5 gektarga ekma za’faron plantsiyalari tashkil etildi. Joriy yilda Izboskan tumanida 5 gektarga, Shahrisabz tumanida 10 gektar va Yuqori Chirchiq tumanida 21,5 gektarga shafran ekildi.
Shuningdek, joriy yilda o‘tgan yili ekilgan ekma za’faron plantsiyalaridan 17 tonna tuganak piyozlar kovlab olindi. Ayni vaqtda ular O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi 13 ta hududiy o‘rmon xo‘jaligida yangi plantsiyalar tashkil etish uchun ekildi.
Ayni vaqtda esa za’faron plantasiyalarining 22,5 gektari ikkinchi vegetasiya davrini, 40 gektari esa birinchi vegetasiya davrini o‘tamoqda.
