Yosh oilalarni o‘ylantirayotgan byurokratiya va davlat boji haqida
Bir mushtariydan quyidagicha maktub kelib tushdi:
«Assalomu alaykum.
Xushnudbek, bir masalada sizdan yordam so‘rayapmiz. Xabaringiz bo‘lsa kerak, yaqinda Toshkent shahridan 600 ga yaqin yoshlarga Yoshlar Ittifoqining tavsiyasi asosida uy taqsimlandi. Hozir uyni rasmiylashtirish jarayoni ketmoqda.
Biz yuzdan ortiq yoshlar ishxona tomonidan Toshkent shahriga doimiy propiska qilinganmiz. Lekin bunga hali uch yil to‘lmagan. Rasmiylashtirish jarayonida notarius bizdan umumiy summaning 5% miqdorida davlat boji, tuman IIB va ishxonadan propiskaning haqiqiyligi haqida ma’lumotnoma talab qilmoqda. Shu to‘g‘rimi, siz nima deysiz bunga?
Pasportga urilgan IIB mehriga notarius ishonmaganligi uchun ham IIBdan yana qayta ma’lumotnoma so‘rayaptimi, hayron qolyapmiz».
Xo‘sh, eng avvalo savollarga javob bersam, keyin o‘z shaxsiy fikrimni aytaman.
Birinchidan, agar xodim propiska berilgan tashkilotda 3 yildan ortiq ishlayotgan bo‘lsa, garchi propiskaga kirganiga hali 3 yil bo‘lmagan bo‘lsa ham, 5% lik davlat bojini to‘lamaydi. Shu sababli notarius ishxonadan ma’lumotnoma so‘raydi.
Agar o‘sha tashkilotda ishlayotganiga yoki ro‘yxatning boshqa bandlari bilan propiskaga kirganiga hali 3 yil to‘lmagan bo‘lsa, haqiqatdan garchi propiskasi bo‘lsa ham, uy narxining 5%i miqdorida (masalan, 300 mln so‘mlik uy bo‘lsa, 15 mln so‘m) davlat boji to‘lashi kerak. Chunki o‘sha inson xuddi Toshkentda propiskasi yo‘q shaxs kabi qabul qilinadi.
Ikkinchidan, yana bir ko‘pchilikni o‘ylantiradigan va amaliyotda aniq yechimi yo‘q bo‘lgan savol bor. Masalan, fuqaro “A” nomli davlat tashkilotida uzoq yillar ishlab, o‘sha tashkilotdan 2018 yilda 11-band bilan propiskaga kirgan, lekin yaqinda “B” davlat tashkilotiga ishga o‘tgan, deylik. Qonunchilik bo‘yicha agar “B” davlat tashkiloti ham propiska bera oladigan “krutoy” hamda “vajniy” tashkilotlar ro‘yxatida bo‘lsa, unda fuqaroning propiskasi “ko‘chib o‘tadi”, u yangidan 11-band bilan propiska olishiga hojat yo‘q. Ammo uy olishda ushbu transfer fuqaro zarariga ishlaydi. Chunki u hozir ishlayotgan “B” tashkilotda ishlayotganiga hali 3 yil bo‘lmadi, propiskaga kirganiga ham 3 yil to‘lmagan.
Bunday vaziyatda avvalgi ishxonasidan (!) ma’lumotnoma olib borsa, 5%lik davlat boji olinmayotgan, balki oddiy davlat boji qo‘llanayotgan ekan.
Uchinchidan, pasport stoldan spravka so‘rash ham amaldagi yo‘riqnomada mavjud. Pasportda maxsus shtamp bo‘lsa ham, alohida yana ma’lumotnoma so‘rashadi. Ha, bu byurokratiya, ha, bu ortiqcha qog‘ozbozlik, lekin nachora. Hozircha bunday ovoragarchilikni bartaraf etish bo‘yicha biror chora o‘ylashyaptimi yoki yo‘q, menga qorong‘u. Eng alam qiladigani, propiskasiga 3 yil to‘lmaganlar mana shunaqa ma’lumotnomalarni ham olib kelishadi, yana qo‘shimchasiga 15 mln so‘m davlat boji ham to‘lashga majbur bo‘ladi. Bunisi o‘lganning ustiga tepgan kabi bo‘lmoqda.
Havodan pul ishlash san’ati
Endi Toshkentda yangi uy sotib olayotgan propiskasiz fuqarolarning davlatga 5%lik boj to‘lashi bo‘yicha shaxsiy fikrlarimni bildirib o‘tsam.
Hammangizga ma’lumki, uy-joy oldi-sotdisini notariusdan rasmiylashtirish chog‘ida davlat boji to‘lanadi. Aytaylik, Toshkentdagi umumiy maydoni 100 kv.m.gacha bo‘lgan uy uchun davlat boji miqdori qo‘yidagicha belgilangan:
• Toshkentda propiskasi bo‘lgan fuqarolar uchun – 223 ming so‘m;
• Propiskasi yo‘qlar uchun uy narxining 5 foizi miqdorida. Ya’ni uy narxi 500 mln so‘m bo‘lsa – 25 mln so‘m, 1 mlrd so‘m bo‘lsa – 50 mln so‘m davlat boji to‘lanadi.
Bu degani propiskasiz fuqaro propiskali fuqarodan bir necha yuz barobar qadrsiz degani.
Ayting-chi, nima uchun O‘zbekistonning bir fuqarosi 223 ming so‘m davlat boji to‘laydiyu, boshqa bir fuqarosi 50 mln so‘m davlat boji to‘laydi? Nima uchun?!
Hukumat bitta uy uchun o‘zining fuqarolariga (!) ikki xil narxda boj belgilashini kimdir mantiqan tushuntirib bera oladimi? Axir bu farq bir necha million so‘mni tashkil etyapti-ku. Vaholanki, ikkalasi ham teng huquqli fuqaro, ikkalasi ham teng soliqlar to‘laydi, ikkalasi ham saylovda bir xil ovozga ega, ikkalasining ham bir xil pasporti bor.
Bundan tashqari ushbu tizim amaliyotda uy quruvchilar va mijozlar o‘rtasida o‘zaro kelishib, shartnomada uy narxini 2-3 barobar arzon qilib ko‘rsatishga sabab bo‘lmoqda. Bundan quruvchi ham yutadi – qolgan pullarni naqd olib, soliqlar to‘lamaydi, mijoz ham yutadi – davlat bojini kamroq to‘laydi. Bu yerda yutqazadigan faqat DAVLAT! Axir buni tushunish shunchalar qiyinmi? Yoki kimlardir bunday tizimdan manfaatdormi?
Endi keling, yuqorida mushtariy yozgan, aniq misolni ko‘rib chiqamiz. Yoshlar Ittifoqi tomonidan berilayotgan Sergelidagi yoshlar uylari o‘rtacha 300 mln so‘mga baholanmoqda. Bilamizki, Sergelidagi bu uylar faqat Toshkent propiskasi borlarga beriladi.
Ammo Toshkentda to‘la huquqli fuqaro sifatida “tan olinishingiz” uchun propiska borligining o‘zi kamlik qiladi, bundan tashqari ciz shaharlik sifatida “uch yoshga” to‘lishingiz kerak.
Misol uchun, 300 mln so‘mlik yoshlar uyini olgan toshkentlik yoki viloyatdan bo‘lsa ham propiskaga kirganiga 3 yil to‘lgan yoshlar 223 ming so‘m davlat boji to‘laydi.
Ammo xuddi shu uyni olayotgan viloyatlik yoshlarning propiskasi hali 3 yoshga to‘lmagan (yoki 3 yil lavozimda bo‘lmagan) bo‘lsa, unda garchi ularning Toshkentda propiskasi bo‘lsa ham 15 mln so‘m davlat boji to‘laydi.
O‘zi davlat yosh oilalarga yengillik bo‘lsin, o‘zlarining hali uy sotib olishga qurbi yetmaydi deb, imtiyozli kredit berayotgan, boshlang‘ich badalini Yoshlar Ittifoqi orqali to‘layotgan bo‘lsayu, yana buyoqdan 15 mln so‘m davlat bojini qurtday sanab olsa, bu qanday mantiqsizlik? Havodan pul qilishning zo‘r yo‘li-ku bu.
Bunaqa 3 yillik cheklov nima uchun qo‘yilgan o‘zi? Nima uchun fuqarolar propiskaga kirgan zahoti oddiy davlat boji bilan uy sotib ololmaydi? Yoki “xarip” fuqarodan “oqsuyak” fuqaroga aylanishi uchun 3 yil o‘tishi kerakmi? Darrov “oqsuyak” bo‘lishi mumkin emasda-a?
Yana qaytaraman, ikkala yosh oila ham O‘zbekistonning teng huquqli fuqarolari. Eng qizig‘i, ikkalasining ham Toshkentda propiskasi ham bor. Ammo biri ikkinchisidan 67 baravar ko‘proq davlat boji to‘laydi.
Ko‘rib turganingizdek, nafaqat propiskali va propiskasiz shaxslarning huquqlari bir-biridan farq qiladi, davlat oldida hattoki propiskali ikkita fuqaroning ham biri ikkinchisidan qadrsizroq. Bunaqasi faqat O‘zbekistonda bor bo‘lsa kerak...
Ming afsuski, bu savollarimga hech kim javob bermaydi, hech kim... Bir yil oldin qanday sukut saqlashgan bo‘lsa, yana xuddi shunday ko‘rmaganga olishadi. Ming afsus...
Xushnudbek Xudoyberdiyev
