“Yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish maqsadida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilmoqda
Soliq qo‘mitasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, soliq organlari tomonidan “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish maqsadida umumiy ovqatlanish sohasida onlayn-NKTdan foydalanish hamda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ayrim tovarlarni majburiy raqamli markirovkalash qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan 1 ming 315 ta nazorat tadbirlarida qator huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Natijada huquqbuzarlarga nisbatan jami 10,8 milliard so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Umumiy ovqatlanish sohasida 960 ta holatda xaridorga onlayn-NKTdan 117,4 million so‘mga chek berilmagani hamda 529,8 million so‘m naqd pullar onlayn-NKTga kirim qilinmagani, 113 ta holatda 141 nafar norasmiy ishchilar faoliyat yuritayotgani, 63 ta holatda markirovkalanmagan 4,6 million so‘mlik alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani, 15 ta holat (nazorat xaridi)da to‘lovlarni jismoniy shaxslarning bank plastik kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirilgani, 41 ta holatda foydalanilayotgan avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari soliq organlari axborot tizimlariga integrasiya qilinmagani aniqlangan.
Markirovkalash qoidalariga rioya qilinishi (121 ta dori vositalari va tibbiy buyumlar 114 ta alkogol, 84 ta tamaki, 34 ta maishiy texnika sotuvchilar), 343 ta holatda onlayn-NKTdan 32,4 million so‘mga chek berilmagani hamda 283,2 million so‘m naqd pullar onlayn-NKTga kirim qilinmagani, 47 ta holatda markirovkalanmagan 63,4 million so‘mlik mahsulotlar savdoga qo‘yilgani, 21 ta holatda 6,3 million so‘mlik aksiz markasiz va hujjatsiz alkogol va tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi xodimlari tomonidan alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi «U.Sh» MCHJda o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvida 31,1 million so‘mlik tovar moddiy zaxiralari qoldig‘i omborlarda mavjud emasligi, 38,9 million so‘mlik tovar moddiy zaxiralari qoldig‘i omborlarda ortiqchaligi, 960,9 million so‘mlik 139,4 ming dona ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari buxgalteriyada aks ettirilmagani aniqlangan.
Shuningdek, 1 milliard 507,4 million so‘mlik 199 ming dona ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari bo‘yicha ma’lumotlar «Asl belgisi» axborot tizimiga yuborilmagani, 7 nafar ishchining ish haqi summasi hisobotda aks ettirilmagani aniqlandi.
Natijada Soliq kodeksining 223- va 227-1-moddalariga asosan korxonaga nisbatan 426,7 million so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan.