Xitoylik tadbirkorlar Toshkent iqtisodiyotiga sarmoya kiritmoqchi
Xitoylik tadbirkorlar Toshkent iqtisodiyotiga sarmoya kiritishdan manfaatdor, deya xabar berdi poytaxt hokimligi.
Shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Raxmanov Shixeszi shahar Xalq kongressi Doimiy komissiyasi direktori E Xongda boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mehmonlarga mamlakatdagi qulay sarmoyaviy muhit, xizmat ko‘rsatish, sanoat, biznes, ijtimoiy rivojlanish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari aytib o‘tildi. Shuningdek, amalga oshirilishi kutilayotgan yirik istiqbolli sarmoyaviy loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Delegasiya tarkibidagi kompaniyalar, ularning faoliyat sohasi haqida ma’lumot berib, poytaxtimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish va shahrimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, shahar hokimligi xitoylik tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama yordam beradi.
