Xitoyda arab tili oyligi boshlandi

Xitoyda arab tili oyligi boshlandi

Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC ma’lum qilishicha, Qirol Salmon nomli xalqaro arab tili akademiyasi vasiylik kengashi raisi shahzoda Badr bin Abdulloh bin Farxon tashabbusi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Pekin va Shanxay shaharlarida 28 martdan 26 aprelga qadar “Arab tili oyligi” dasturini boshladi.

Arab tilini o‘qitish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish, o‘qituvchilar faoliyati samaradorligini oshirish, jarayonda mutaxassislar ishtirokini kengaytirish maqsadini ko‘zlagan loyiha doirasida bir necha ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda ilmiy tadbirlar tashkil qilinadi. Arab tilida akademik dasturlar taklif qiluvchi Xitoy universitetlari, shuningdek Xitoyda arab tilini o‘qitish va tarqatishdan manfaatdor uyushma va markazlarga tashriflar, turli uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Akademiya Pekin til va madaniyat universiteti bilan hamkorlikda arab tilini o‘rganuvchilar o‘rtasida uch yo‘nalishli tanlov o‘tkazmoqda: qiroat bilan o‘qish, hikoya qilish va hattotlik san’ati.

To‘rt hafta davom etadigan, ilmiy simpozium, ikki muhokama sessiyasi, ilmiy tashrif va o‘qituvchilar malakasini oshirish kursidan iborat dastur til ko‘nikmasi (tinglash – gapirish – o‘qish – yozish)ni rivojlantirish, arab tilini ikkinchi til sifatida o‘rgatish bo‘yicha faol strategiyani hayotga tatbiq etish, amaliyotni takomillashtirish va boshqa tilda so‘zlashuvchi arab tili o‘qituvchilari malakasini oshirishga qaratilgan.

“Xitoyda arab tili oyligi” dasturi Qirol Salmon nomli xalqaro arab tili akademiyasi tomonidan boshqariladigan “Arab tilini o‘qitish bo‘yicha tadqiqot” loyihasining bir qismi bo‘lib, Hindiston, Braziliya, O‘zbekiston, Indoneziya singari turli mamlakatlarda amalga oshirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!