Xitoy va Pokiston Erondagi urushni tugatish bo‘yicha reja ishlab chiqdi
31 mart kuni Xitoy poytaxtida Pokiston tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor o‘z hamkasbi Van I bilan uchrashdi. Xitoy TIV bayonotiga ko‘ra, tomonlar Eron atrofidagi vaziyat bo‘yicha strategik aloqalarni mustahkamlashga va tinchlikni targ‘ib qilish uchun yangi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olgan.
Keyinchalik Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Islomobod va Pekin besh banddan iborat reja ustida to‘xtaganini ma’lum qildi. Reja mazmuni quyidagilardan iborat:
1. Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish. Mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlarga darhol chek qo‘yish;
2. Tinchlik muzokaralarini boshlash. Imkon qadar tezroq diplomatiya va muloqot stoliga o‘tish;
3. Kuch ishlatishdan tiyilish. Muzokaralar davomida barcha tomonlar kuch ishlatishni yoki kuch bilan tahdid qilishni to‘xtatish majburiyatini olishi;
4. Fuqarolik obektlarini himoya qilish. Tinch aholiga hamda hayotiy muhim infratuzilmalarga (energetika ob’ektlari va suvni chuchuklashtirish zavodlari) hujumlarni to‘xtatish;
5. Dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlash. Strategik Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali fuqarolik va tijorat kemalarining xavfsiz va to‘siqsiz o‘tishini kafolatlash.
AQSh muzokaralar davom etayotganini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, Eron buni rad etmoqda. Shunga qaramay, har ikki tomon muloqot va diplomatiya mojarolarni hal qilishning yagona varianti ekanini biladi.
