Eron oqilona yo‘l tutsa, kelishuvga rozi bo‘ladi – Pentagon rahbari
AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset Eron bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan keskin bayonotlar bilan chiqdi.
Uning ta’kidlashicha, Donald Tramp bu masalada hazillashayotgani yo‘q va ortga chekinmoqchi emas. Agar Tehron kelishuvga tayyor bo‘lmasa, AQSh Mudofaa vazirligi harbiy harakatlar shiddatini yanada oshirishda davom etadi.
Xegsetning fikricha, yaqin kunlar hal qiluvchi ahamiyatga ega va Eron hozirgi holatda harbiy jihatdan deyarli hech qanday qarshilik ko‘rsata olmaydi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Eronda yangi rejim allaqachon shakllangan va u avvalgisidan ko‘ra donoroq bo‘lishi kerak. Tramp kelishuvga tayyor va uning shartlari Tehronga yaxshi ma’lum. Shuningdek, Hegset AQSh harbiy sanoati Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan darajada yuqori sur’atlar bilan rivojlanayotganini alohida qayd etdi.
Bundan tashqari, Pentagon rahbari dunyo davlatlari muhim suv yo‘llari ustidan nazoratni kuchaytirishga tayyor turishi kerakligini bildirdi.
U Vashington Rossiya va Xitoyning harakatlaridan to‘liq xabardor ekanini va bu masala bilan shug‘ullanayotganini ta’kidladi. Hozirda muzokaralar jarayoni juda faol, real va tobora kuch yig‘ib bormoqda.
