Qashqadaryoda qurilish hududida vafot etgan 12 yoshli qiz ishi bo‘yicha hukm chiqarildi
Qashqadaryoda qurilish hududida vafot etgan 12 yoshli qiz ishi bo‘yicha hukm chiqarildi, muhandis 1 yilga qamaldi.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 2020 yil avgust oyida sodir bo‘lgan fojiali hodisa yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. O‘shanda qurilayotgan ko‘p qavatli uy majmuasining 10-qavatidan tushgan temir bo‘lagi 12 yoshli qizga tegib, u olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgandi.
Mazkur voqea jamoatchilik orasida keskin e’tirozlarga sabab bo‘lgan. O‘rganishlar davomida qurilish maydonida zarur himoya to‘siqlari o‘rnatilmagani, xavfsizlik choralariga yetarlicha amal qilinmagani hamda ishchilar o‘rtasida tegishli yo‘riqnomalar o‘tkazilmagani aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida ish ko‘rib chiqildi. Sudda qurilish firmasining 45 yoshli texnika xavfsizligi bo‘yicha muhandisi asosiy aybdor sifatida e’tirof etildi. Ma’lum qilinishicha, kompaniya tomonidan marhumaning oilasiga dafn marosimlari uchun qariyb 150 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 258-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, unga bir yil muddatga rahbarlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish hamda bir yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud qarori bilan marhumaning qonuniy vakili foydasiga yana 150 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.
