Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi
“Taraqqiyot strategiyasi” markazida bu yilgi Parlament saylovi jarayonlarini kuzatib borish maqsadida O‘zbekistonda bo‘lib turgan xorijiy davlat vakillari hamda xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Jumladan, dastlab “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Italiyaning Osiyo va Afrika uchun O‘rtayer dengizi instituti (ISMAA) prezidenti Maurisio Barnaba va Bosh kotibi Vinchenso Valenti bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda asosiy e’tibor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘p qirrali islohotlarning mazmun-mohiyati, O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va texnologik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va ISMAA o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishga qaratildi.
Muloqot avvalida Markaz rahbari Eldor Tulyakov xorijlik kuzatuvchilarni mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, so‘z erkinligi, ochiqlik siyosatini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar, shuningdek, ushbu jarayonda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan olib borilayotgan jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati bilan yaqindan tanishtirib o‘tdi.
Uchrashuv davomida italiyalik ekspertlar Italiya va O‘zbekiston ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish uchun muhim diplomatik, savdo-iqtisodiy va logistika salohiyatiga ega ekanligini alohida ta’kidlashdi.
Muloqot jarayonida Markaz va ISMAA o‘rtasida turli sohalarda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, Hindistonning “Tillotama Foundation” fondi bosh operasion direktori Kamakshi Uoson va fond raisi Sohan Das hamda Italiyaning “Vision & Global Trends” tahliliy markazi direktori Tiberio Grasianilar bilan ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazilib, unda mamlakatlarimiz o‘trasidagi faol hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berildi.
Xususan, hindistonlik hamkorlar tomonidan O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish sharoitida turizm muhim tarmoqlardan biri hisoblanib, O‘zbekiston bu sohada katta salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlar oqimini yanada oshirish bo‘yicha takliflari bilan o‘rtoqlashishdi.
O‘z navbatida, Italiyaning “Vision & Global Trends” tahliliy markazi direktori Tiberio Grasiani o‘zaro madaniyat va turizmni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar tashkil qilish va ularda Italiyaning keng jamoatchiligi uchun taqdimotlar o‘tkazish maqsadga muvofiqligini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda saylov qonunchiligi bilan bog‘lik yangiliklar borasida ham atroflicha fikr almashildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati