Voliyning o‘g‘lini xristianga qamchilatgan xalifa

Voliyning o‘g‘lini xristianga qamchilatgan xalifa

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu
Voiz: Umar Sulaymon
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh! 
Men birodaringiz Umar Sulaymon bo‘laman. 
Barchangizga Buyuk Sahobalar turkumiga xush kelibsiz deyman!
Bugun sizlar bilan ashobi kiromlar orasida eng buyuklaridan yana biri, o‘zida juda ham ko‘plab yaxshi xislat va fazilatlarni jamlagan inson haqida suhbatlashmoqchiman, ammo bir haqiqatni sizlarga oldindan aytib o‘tmoqchiman, bu inson haqida bilganlarimizni birgina suhbatni o‘zida qamrab olishning imkoni yo‘q. Bunga hatto urinishni ham joiz deb topmadim. Va u zot roziyallohu anhuning birgina sifatlarini ushbu suhbatimizda sizlar bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim. 
Bu inson haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deya marhamat qilganlar: 
عمر لكان بعدي من نبيا كان لو 
“Ya’ni, agarda mendan keyin yana payg‘ambar bo‘lganida edi, bu Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘lgan bo‘lar edi.” 
Umar roziyallohu anhuning hayotlarining har bir qismi haqida kitoblar yozish mumkin. Bu insonga musulmonlar ham g‘ayridinlar ham hayratda qolishgan. 
Amerikalik yozuvchi Maykl Xart o‘zining “100 ta eng ta’sirli inson” nomli kitobida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu haqida 52-raqamda bayon qilib ketgan. Ushbu muallif o‘zini kitobida 52-o‘rinda belgilagan bo‘lsa-da, biz musulmonlar uchun u zot roziyallohu anhu Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan keyin turadigan insonligicha qolaveradilar. 
Keling, biz Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan qanday sifatlarni olishimiz mumkinligi haqida suhbatlashib olamiz. Biz u zot roziyallohu ta’ala anhudan itoatkorlikni, Alloh taologa nisbatan qo‘rquvni, haqni nohaqdan ajratish qobiliyatlarini olishimiz mumkin. Bundan tashqari u kishi al-Faruq, ya’ni botil va haqni bir-biridan ajratuvchi ismi bilan ham atalgan edilar. 
Umar roziyallohu anhu haqida yana bir e’tiborli jihat shundaki, u kishi Islomga kirmaslaridan oldin tamomila adolatsiz bir inson sifatida gavdalansalar, musulmon bo‘lganlaridan keyin butun insoniyat uchun adolat timsoliga aylanganlar. U kishi bizga adolat borasida va yo‘lboshchi sifatida ham ko‘plab saboqlar qoldirib ketganlar. Mana shunday saboqlardan biri u kishi roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida hayvonlar borasida ham Alloh taolo u kishini savol-so‘roqqa tortishi mumkinligini aytib qo‘rqqanliklari haqida bayon qilingan. U kishi hayvonlarga qarab: 
“Allohga qasamki, men sizlar haqingizda ham so‘ralaman deb qo‘rqaman.”, deganlar. 
Islomdan oldin barchani qalbiga qo‘rquv solgan aynan mana shu inson Islomni qabul qilganlaridan keyin ko‘zlarida yosh bilan: “Iroqdan bir eshak yoki haddan tashqari qiynoqqa solib ishlatilgan bir tuya kelib Qiyomat kuni menga qarshi guvohlik berishidan qo‘rqaman.”, deganlar. 
Qarang-a, u kishi roziyallohu anhuning Allohga nisbatan qo‘rquvlariga. Bu u kishining o‘z xalifaliklari davridagi hattoki hayvonlarga nisbatan ham bee’tibor bo‘lmaganliklarini ko‘rsatadi. Agarda u kishining hayotlari haqida ko‘proq o‘rganadigan bo‘lsak, u kishi roziyallohu anhu tunda mahallalarni kezishga odatlanganliklariga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Har kecha mahalla va qishloqlarni kezarkan, yelkalarida guruch, bug‘doy va un kabi narsalarni tashib och – nahorlarga ulashib chiqar edilar. Bundan tashqari, mana shunday tungi ko‘chaga chiqishlarining birida to‘lg‘oq tutib turgan ayolga tug‘riqda yordam berishi uchun o‘z ayollarini uning uyiga olib kelganlar. Bu kabi misollarni Umar roziyallohu anhu haqida ko‘plab keltirish mumkin. 
Umar rohiyallohu anhuni al-Ramada, ya’ni hijratning 18-yilida musulmonlar boshiga kelgan, “Qum yili” deb ataladigan yilda jonkuyar yetakchi sifatida ko‘rishimiz mumkin. Bu yilda musulmonlar juda ham og‘ir bir tabiiy ofat bilan kurashishlariga to‘g‘ri kelgan edi. Ma’lumotlarga qaraganda, aynan mana shu yilning o‘zida Madinaga 60.000 muhojir ocharchilikdan najot izlab kelgan edi. Bu ofat Umar roziyallohu anhuning amirliklari davriga to‘g‘ri kelgan va cho‘lu biyobonlarda, ko‘chalarda hayvonlar ochlikdan odamlarga hujum qilib, halok bo‘lganlar ko‘pligidan u kishi roziyallohu anhu birvarakayiga o‘nlab marhumga janoza o‘qir edilar. 
Umar roziyallohu anhu Alloh taologa duo qilib: 
يدي علي محمد أمة هلك تجعل لا اللهم

“Ey Allohim, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatini mening qo‘l ostimdalik vaqtida halok etma!” deb iltijo qilgan edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu mana shu yilda Umar roziyallohu anhu bilan sodir bo‘lgan ikki voqea haqida rivoyat qilganlar. Shunday qilib, Umar roziyallohu anhu yelkalarida yog‘ va boshqa turli mahsulotlarni tashib yurar, yegulik topishga qiynalib, nochor ahvolda qolganlarga tarqatar edilar. Mana shunday kunlarning birida u kishi roziyallohu anhu bir temir parchasini olib, uni so‘rib o‘tirgan bir nochor kishiga duch keladilar. Bunday holatni ko‘rib qattiq ta’sirlangan Umar roziyallohu anhu kimniki nimaga zor qolganini ko‘rsalar, o‘zlarini ham o‘sha narsadan mahrum etar, agardan go‘shtdan yetishmovchilikda qolganini ko‘rsalar, go‘sht yemas, agarda yog‘dan qiynalib qolganini ko‘rsalar, yog‘ni yeyishni tark qilar, agarda odamlar hech vaqosiz qolishganiga guvoh bo‘lsalar, o‘zlari ham xuddi ulardek yashashlari kerak deb bilar edilar. Bunday xislatlarga ega Umar ibn al-Xattobdek yo‘lboshchini bir tasavvur qilib ko‘ring-a! 
Bir kuni Umar roziyallohu anhu uylariga qaytib kelganlarida, o‘g‘illarining bir bo‘lak tarvuz sotib olib kelganini ko‘rib qoldilar. Tarvuz bo‘lagida atigi bir nechta danak bor edi va uni Umar roziyallohu anhu toki o‘g‘illari yig‘lab yubormaguncha va uning qo‘lidan tarvuzni olmagunlaricha o‘tkir nigohlari bilan qattiq tikilib turaverdilar. Shunda u kishi o‘z hayratlarini بخ بخ deya ifodalab:
“Nahotki, mo‘minlar amirining o‘g‘li tarvuz yeyayotgan bo‘lsa? Allohga qasamki, butun ummatda bunday ne’mat bo‘lmaguncha, biz undan tatib ham ko‘rmaymiz.”, deya u kishi o‘zlarini bundan ham ma’n etgan edilar. 
Shuningdek, har birimiz Umar roziyallohu anhudan o‘rnak sifatida hayotimizga tatbiq etishimiz kerak bo‘lgan jihatlardan biri u kishi: 
“Men qanday qilib o‘z ahlimga bosh bo‘lishim mumkin, agarda ahlim yashayotgan sharoitni men ham yashamasam?”, deganlar. 
Subhanalloh! Aynan mana shu yetakchi sifatida xizmat qiluvchi inson uchun Islom keltirgan tushuncha hisoblanadi. 
Umar roziyallohu anhu ushbu tabiiy ofat yuz bergan yilda tez – tez ranglari o‘zgarib turar edi. U kishi roziyallohu anhu haqidagi ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, ranglari ba’zan oqarib ketgan, ba’zan esa qorayib ketgan. Bunga sabab u kishining yetarli darajada ovqatlanmaganliklari bo‘lgan. Umar roziyallohu anhuni bu ahvolda ko‘rgan sahobai kirom roziyallohu anhumlar agarda bu tabiiy ofat yana uzoqroq davom etadigan bo‘lsa, u kishining buni ko‘tarolmasdan halok bo‘lishlaridan xavotirga tushib qolishgan edi. 
Madinaga najot istab kelgan 60 ming muhojirning 40 ming nafari halok bo‘ldi. Shundan keyin Alloh taolo bu ofatga barham berib, mo‘minlarni undan xalos etdi.
Umar roziyallohu anhu g‘ayridinlarga nisbatan ham doimo adolatli bo‘lganlar. Bu haqida quyida sizlarga hikoya qilib beradigan voqeadan ham o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin. Shunday qilib, Misrda Amr ibn Os roziyallohu anhuning o‘g‘illaridan biri xristian bir qibtiy kishi bilan kim o‘zarga musobaqalashayotgan edilar. Musobaqada xristian g‘olib bo‘ladi. Buni qabul qilolmagan Amr ibn Os roziyallohu anhuning o‘g‘illari haligi xristianning yuziga tarsaki tortib yuboradi. Xristian esa xalifaning adolat o‘rnatishda dong‘i ketgan kishi ekanligini bilardi va shikoyat qilish uchun Madinaga yo‘l oladi. Xristian shaharga kelib xalifa Umar roziyallohu anhuni masjidni tozalayotgan holatda topadi va u kishini bo‘lgan voqeani aytib beradi. Umar roziyallohu anhu unga: “Hoy, men islomni atrofga yoyish bilan bandman yoki mening bu kabi ishlarga vaqtim yo‘q”, qabilida javob bermadilar. U kishi voliy Amr ibn Os roziyallohu anhu va u kishining o‘g‘illarini huzurlariga chaqirtirib haligi xristianning qarshisiga keltirdilar. Ular yetib kelishgach, Amr ibn Osning o‘g‘illari ham xristian so‘zlab bergan voqeaning to‘g‘riligini tasdiqladi. Shunda Umar roziyallohu anhu bir qamchi olib uni xristianning qo‘liga tutqazdilar va unga kim qo‘l ko‘targan bo‘lsa, o‘sha odamni urishni aytdilar. Uni urganidan keyin esa uning otasini ham urishini aytdilar. Shunda xristian nega bunday qilishi kerakligini so‘raganida, Umar roziyallohu anhu unga Amr ibn Os roziyallohu anhuning o‘g‘li otasining nomidan foydalanib qo‘l ko‘targanini aytadilar. Suhanalloh! Umar roziyallohu anhuning adolatni o‘rnatishlariga qarang! U kishi jabrlanuvchi xristianga ham Amr ibn Os roziyallohu anhuni ham u kishining o‘g‘illarini savalashni buyurdilar. 
Umar roziyallohu bor joyda xristianlarga ham, yahudiylarga ham, hatto hayvonlarga nisbatan ham, beva-bechoralarga ham va o‘z oila a’zolariga nisbatan ham adolat qaror topar edi. 
Mo‘minlar amiri Umar roziyallohu anhu bizga teran mulohaza qilishimiz kerak bo‘lgan ham rahbar sifatida, ham adolatda, ham boshqa insonlarning haq-huqularini poymol qilmaslik borasida ko‘plab saboqlar berib ketganlar. Hatto Quddusni fath etganlarida ham qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Quddusni fath etganlarida u kishini u yerning aholisi qanday xush kutib olgani barchamizga ma’lum. U kishi roziyallohu anhu u yerga tashrif buyurganlarida, patriarx u kishini cherkovga ibodat qilib olish uchun boshlab boradi. Shu paytda peshin namozi vaqti kirgan edi. Patriarx Umar roziyallohu anhuning qo‘llaridan tutib, nega cherkovda namozlarini o‘qib olmasliklarini so‘radi. Shunda Umar roziyallohu anhu unga rad javobi berdilar va biror bir fiqhiy jihatdan yondashmasdan, balki o‘zlari mulohaza bilan shunday deya javob berdilar: 
“Agarda men bu yerda hozir namoz o‘qiydigan bo‘lsam, kelajakda musulmonlar bu yerga kelib, bu yer masjid hisoblanadi. Chunki Umar roziyallohu anhu bu yerda namoz o‘qigan deyishadi.” U kishi shunday deya cherkovdan bir necha odim uzoqlashib o‘sha yerda namozlarini ado etdilar. U kishi roziyallohu anhu o‘sha paytda aytib ketganlaridek, hozirgi vaqtda u kishi namozni ado etgan mazkur joyda Umar roziyallohu anhu nomlaridagi masjid barpo etilgan.

Ha, azizlar, Umar roziyallohu anhu voqea va holatlarni adolat va rahm-shavqat nuri ostida ko‘rar edilar. Hozirda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bitimida ham u kishi roziyallohu anhuning: “Aslida hur bo‘lib tug‘ilgan insonni qanday qilib qul qilishingiz mumkin?” degan mashhur so‘zlari bayon etib o‘tilgan. Subhanalloh! Mana shu bizning dinimiz. Biz bu kabi zotlardan faxrlanishimiz va ularni o‘zimizga namuna sifatida olib ularga ergashishimiz kerak. Ularning amalga oshirgan ishlarining mazmun-mohiyatini anglab, o‘z hayotimizda Robbimiz oldida bandalik vazifamizni ado etishimiz kerak. Bu ishlarni qilish faqatgina masjid xodimlari-yu, diniy idora mas’uliyatiga kiradimi? Yo‘q, albatta. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga har biringiz o‘z qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz deganlar. O‘z o‘rnida qo‘l ostingizdagi har bir inson ham qo‘l ostida o‘zi mas’ul bo‘lgan shaxslar bor. Deylik, ayol uyiga mas’ul, er oilasiga mas’ul, tashkilot esa mazkur tashkilotga to‘liq mas’ul hisoblanadi. Har bir inson zimmasiga mas’uliyat yuklangan. Bu xoh imom bo‘lsin xoh ushbu imomga iqtido qilayotgan inson, xoh ona, xoh ota, xoh farzand. Har bir inson qaysidir boshqa bir inson oldida mas’uliyatli hisoblanadi va ular bilan o‘z mas’uliyatini ado etarkan, ularga nisbatan adolat bilan yondashishi, ularning dardlariga sherik bo‘lishi kerak. Shu bilan birgalikda mazkur insonlarning holatlarining yaxshilanishi uchun harakat qilishi kerak. 
Agarda adolat va rahm-shavqatni o‘zimizda mujassamlashtiradigan bo‘lsak, Alloh subhanahu va taolo ham bizga nisbatan adolat va rahm-shavqat ko‘rsatadi. Shunday ekan, aziz birodarlar, ushbular haqida mulohaza yuritib ko‘ring. Men esa Alloh taolodan har birimizni bunday sifatlar bilan ne’matlantirishini so‘rab qolaman. 
Shu o‘rinda qo‘shimcha ravishda Umar roziyallohu anhu bilan sodir bo‘lgan o‘ta ta’sirli bo‘lgan bir voqeani ham bayon qilib o‘tmoqchiman. 
Umar roziyallohu anhuning jonlariga qasd qilingan kundan bir kun oldin Abu Lu’lu’ al Majusiyni uchratib qoladilar. Shunda al Majusiy u kishi roziyallohu anhuga u kishining jonlariga qasd qilmoqchi ekaniga oid shama’ qiladi va uning so‘zlaridan uning niyatini Umar roziyallohu anhu buni payqaydilar ham. Uning bu maqsadi haqida Umar roziyallohu anhu boshqa sahobalarga aytadilar ham. Shunda sahobai kirom roziyallohu anhum u kishidan nega al Majusiyni qatl qilmayotganlarini so‘rashadi. Umar roziyallohu anhu esa bir insonni uning so‘zlaridan bilvosita o‘z joniga qasd qilish niyati borligini bilganligi tufayli uni qatl qilish adolatsiz bo‘lishini bilar edilar. U kishi roziyallohu anhu bu insonga ham adolat qilayotgan edilar. 
Ertasi kuni esa Umar roziyallohu anhu jamoatga imomlik qilayotgan chog‘larida al Majusiy u kishining orqalaridan xanjar sanchib jonlariga qasd qildi. Umar roziyallohu anhu ushbu jarohatdan keyin bir necha kun yashadilar va vafotlari oldidan shunday ta’sirli so‘zlarni so‘zladilar. Ushbu so‘zlarni sizlarga bayon qilishdan oldin ular haqida har biringiz bir musulmon sifatida chuqurroq mulohaza qilishingizni so‘rab qolaman. 
Umar roziyallohu anhu jonlariga qasd qilingandan keyin ikki narsa haqida tashvishlandilar. Bulardan biri: musulmonlarning namozni davom ettirishi bo‘ldi; ikkinchisi esa hozirgi paytda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatlari holatiga nazar tashlab turib har bir insonning ko‘zlariga yosh keltiradigan, qalbini titratib yuboradigan so‘zlar bo‘ldi. Umar roziyallohu anhu atroflarida to‘planganlardan shunday so‘radilar: 
“Mening jonimga qasd qilgan kim edi?”
U kishiga bu – otashparast Abu Lu’lu’ al Majusiy ekanligini aytishganida, Umar roziyallohu anhu shunday dedilar: 
“Alhamdulillah! Mening jonimga qasd qilgan odam La ilaha illalloh Muhammadun rasululloh deya iymon keltirmagan kishi ekan.” 
Umar roziyallohu anhu o‘zlariga bir necha bor sanchilgan xanjar tufayli tanalridan oqayotgan qonga ham parvo qilmasdan, mo‘min va musulmonlar o‘rtasida birdamlik va hamjihatlik bo‘lishi uchun qattiq tashvishda edilar. “Alhamdulillah, mening jonimga qasd qilgan musulmon emas ekan”, derdilar.

Aziz birodarlar, mana shu kabi ko‘plab sabablar tufayli ham nega Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan keyin agarda yana payg‘ambar bo‘lganida, bu Umar roziyallohu anhu bo‘lgan bo‘lardi degan so‘zlarini mohiyatini tushunib olishimiz mumkin. 
Alloh taolodan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zot alayhissalomning oilalari, Umar roziyallohu anhu va boshqa ashobi kirom roziyallohu anhumlar bilan birga jannatning eng yuksaklarida jamlashini so‘raymiz.  
Omiyn. 
Jazakomallohu xoyron. Keyingi turkum suhbatlarimizda takror ko‘rishish nasib etsin.

Tarjimon: Ummu Muhammadiyn

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!