Vazirlik AQSh sharafini himoya qilayotgan Gulruhbegim Tohirjonovaning otasi bilan uchrashdi

Vazirlik  AQSh sharafini himoya qilayotgan Gulruhbegim Tohirjonovaning otasi bilan uchrashdi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati AQSh sharafini himoya qilayotgan Gulruhbegim Tohirjonovaning otasi bilan uchrashdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

"So‘nggi vaqtlarda turli ijtimoiy tarmoqlar va ko‘plab ommaviy axborot vositalarida o‘zbekistonlik iqtidorli shaxmatchilar bilan mamlakat shaxmat federasiyasi o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammoli holat yuzasidan bir qator yangiliklar e’lon qilindi.

Jumladan, o‘zbekistonlik eng iqtidorli shaxmatchi qizlardan bo‘lmish Gulruhbegim Tohirjonova 2020 yildan boshlab xalqaro musobaqalarda AQSh nomidan ishtirok etishga qaror qilganligi, o‘z navbatida dunyoning eng yosh grossmeysterlaridan biri, turli yosh toifalarida 6 karra jahon chempioni Javohir Sindorovning O‘zbekiston shaxmat federasiyasi tomonidan shaxmatchilarga nisbatan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, o‘z federasiyasini almashtirishi mumkinligi haqida bergan intervyusi ham juda ko‘plab yurtdoshlarimizning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi sanaladi. Shu sababli O‘zbekiston shaxmat federasiyasi hamda mamlakatimizning eng iqtidorli shaxmatchilari o‘rtasida yuzaga kelayotgan ushbu muammoli vaziyatga befarq qarab turmaymiz.

Shu maqsadda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbariyati mavjud vaziyatni xolisona o‘rganish va muammoga adolatli yechim topish maqsadida G.Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan uchrashdi. Unda Gulruhbegimning bunday qaror qabul qilishiga nima sabab bo‘lganligi, iste’dodli shaxmatchi O‘zbekiston terma jamoasiga qaytarilishi, xalqaro maydonlarda jonajon Vatanimiz bayrog‘ini himoya qilishga tayyorligi kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Shuningdek, yosh va umidli shaxmatchimiz J.Sindorovning bobosi Komil Sindorov va yana bir qancha shaxmat mutasaddilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning dardi tinglandi. Shaxmatchilarning oilasi va O‘zbekiston shaxmat federasiyasi bilan o‘zaro munosabatlari o‘rganildi.

Ta’kidlash kerak, Gulruhbegim Tohirjonova, Javohir Sindorov kabi umidli sportchi yoshlar Hukumatimiz va xalqimizning doimiy e’tiborida", deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!