Oq uy apparati rahbari Trampni “alkogolik xarakterga ega”, deb atadi
Syuzan Uayls bu haqda Vanity Fair jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
"Tramp istagan narsasiga erisha olishiga ishonadi va o‘zini hech narsada cheklamaydi. Xususan, u 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishda eng shafqatsiz harakatlar qilgan shaxslarni afv etmaslik haqidagi maslahatlarni e’tiborsiz qoldirgan. Agar Trampda siyosiy raqiblaridan qasos olish imkoniyati paydo bo‘lsa, u bundan foydalanadi. U alkogolik shaxsiyatga ega odam", — degan Oq uy apparati rahbari.
Bundan tashqari, Uaylsning aytishicha, Jey Di Vens Trampni unga bo‘lgan ishonchi tufayli emas, balki o‘z karyerasi uchun qo‘llab-quvvatlaydi. Uayls AQSh vise-prezidentini "fitna nazariyalari tarafdori" deb hisoblaydi.
Uayls Ilon Maskni "g‘alati va mantiqsiz, ketamindan (og‘riq qoldiruvchi modda) faol foydalanadigan inson", deb ataydi. Uning fikricha, milliarder mojaroli tvitlar joylayotgan paytlarda “mikrodozalar qabul qiladi”.
Shu bilan birga, Uayls USAIDni himoya qilganini va “Epshteyn hujjatlari”ni o‘qiganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Epshteyn hujjatlari”da Trampning ismi haqiqatan ham tilga olingan.
Vanity Fair maqolasi e’lon qilingach, Syuzan Uayls buni “noholis buyurtma material” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nashr “muhim tafsilotlarni” e’tiborsiz qoldirgan va prezident Tramp hamda uning jamoasi haqida aytgan gaplarining katta qismini maqolaga kiritmagan.
