O‘zidan kattaga ko‘ngil qo‘ygan qiz! Bunga kim aybdor?

O‘zidan kattaga ko‘ngil qo‘ygan qiz! Bunga kim aybdor?

«...Maktab o‘quvchisi bo‘lgan kezlarim o‘yinqaroq, biroz mas’uliyatsiz edimBoz ustigaonam bilan sira chiqisha olmasdim. «Meni tushunmaysiz»,

«Nega hadeb ish qildiraverasiz?» deya xarxasha qilganlarim hamon esimdaO‘sha kezlar onamning bergan dakkisi sababini bugun tushungan sari o‘zimdan uyalib ketaman.

O‘smirlik davrida ro‘y beradigan psixologik va gormonal o‘zgarishlar natijasida bolalar anchayin jizzaki bo‘lib qolishadi. Uyda ota-onalari bilan kelishmovchiliklar, turli tortishuvlar yuzaga keladi. Ayniqsa, bu holat o‘smir yoshdagi qizlarning onasi bilan chiqisha olmasligiga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, ona va qiz o‘rtasidagi bunday munosabatga kim sababchi? Bunday hollarda onalar qanday yo‘l tutishi kerak?

— Tibbiyotda bu davr «o‘tish davri» yoki «keskin o‘zgarishlar davri» deb yuritiladi, — deydi psixonevropatolog Gulnora ­NASRIDDINOVA. — Bunday paytda qizlar ham jismonan, ham ruhan juda tez rivojlanadi. Bolalikdan boshlab shakllanib kelayotgan fe’l-atvori, dunyoqarashi, xulqi, axloq-odobi aynan shu paytda umumiylashadi. O‘tish davri qizlarda 12-14 yoshdan 16-18 yoshgacha davom etadi. Ular soat sayin o‘sayotganlarini o‘zlari ham sezishmaydi. Natijada, qizlarda tabiiy qisinish-qimtinish hislari paydo bo‘ladi. Ba’zi qizlar ota-onalaridan, aka-opalaridan andisha qilib, o‘zini qiynayotgan muammolarni ayta olmaydi. Ba’zan qimtinish tufayli qizlar elkasini bukchaytirib yuradi.

Bu ularning salomatligiga, rivojlanishiga ta’sir qiladi. Vaqtida ogoh bo‘linmasa, ularning gavdasi bukchayib, nafas olish a’zolari qisilib, yaxshi ishlamasligi va oqibatda yurak siqilishi xastaligi paydo bo‘lishi mumkin.

Qiz bolani har tomonlama yetuk bo‘lishida asosiy e’tibor uning jismonan va ruhan sog‘lom rivojlanishiga qaratilmog‘i lozim. Bu onalardan yanada katta mas’uliyat talab qiladi. O‘smirlik davrida qiz bolaga doimiy tanbeh berish, kamchiliklarini yuziga solish to‘g‘ri emas. Bu vaziyatni yanada chigallashtiradi, uni oilasidan uzoqlashishiga sabab bo‘ladi. Ular odamlarning e’tiborida bo‘lishni, maqtov so‘zlar eshitishni xohlaydi. Fikrimcha, bu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘lni faqat onalargina ko‘rsata oladi.

Bu paytda qizlarga yaqin do‘st, sirdosh, maslakdosh kerak bo‘ladi. Ona buni vaqtida anglab yetishi va har kuni qizi bilan do‘stona suhbatlashib turishi zarur. Umuman bu davrda qizlarning birinchi galda onalari dugonasiga, sirdoshiga aylangani ma’qul. Shunda o‘smirlik davri yengil o‘tadi.

— Ona va qiz o‘rtasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarning asosiy sababi farzand qalbiga yo‘l topolmaslik, yuragiga qo‘l solmaslikda, — deydi Sergeli tumani «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini diniy ma’rifat va ma’naviy-ahloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi ­Muhabbat ­JAMOLIDDINOVA. — Ko‘pchilik onalar qizining sevimli mashg‘uloti nimaligini, qaysi sohaga qiziqishini bilmaydi, bu masalada e’tiborni susaytiradi. Bu e’tiborsizlik qizni oiladan uzoqlashtiradi. Natijada, qizlar ko‘chadan o‘zini eshitadigan, sirini ayta oladigan dugona topadi. Yaxshini yomondan farqlashni hali bilmasligi oqibatida, «dugona» yoki «do‘st» ularni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishi mumkin. Afsuski, aksariyat onalar qizining dugonasi kimligi, tarbiyasi qanday ekanini ham bilmaydi, xatto.

Mahallamizdagi bir qiz kollejga bormaydigan odat chiqardi. Xulq-atvori, yurish-turishi ham o‘zgarib qolgandi. U bilan suhbatlashib, masalaning mohiyatiga yetmoqchi bo‘ldik, ammo qiz uydan qochib, xolasinikiga ketib qoldi. Ota-onasi bilan gaplashib, vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qaytarilmasa, oqibati qanday bo‘lishini tushuntirdik. Oradan bir necha kun o‘tgach, qizni olib kelishdi. U bilan alohida gaplashib, ko‘ngliga qo‘l solganimizda, o‘zidan ancha katta yoshli insonga ko‘­ngil qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. «Bu ishing noto‘g‘ri. Sen hali yoshsan. O‘qishni tamomlab, bir kasbning boshini tutishing kerak. Har kimning shirin so‘ziga, yolg‘on va’dasiga ishonish kerak emas. Ota-onang, yaqinlaringning yuzini yerga qaratma», deya yotig‘i bilan tushuntirdik. Mana, hozir shu qiz kollejni tamomladi. Yaqinda yaxshi bir oilaning kelini bo‘ladi. Bir qizni xato ish qilishdan asrab qoldik.

Demak, oilada ona va qiz orasida sovuqchilik bo‘lmasligida mahallaning ham o‘rni bor. O‘zini o‘zi boshqarish organlari qoshida faoliyat yurituvchi Xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi nafaqat qizlar, balki onalar bilan ham alohida suhbatlar o‘tkazib turishi zarur.

Noilaxon AHADOVA,

«Oila davrasida» muxbiri


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!