O‘zbekistonning jahon fond bozoriga chiqish imkoniyati kengaymoqda

Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligida To‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar jamg‘armasi ko‘magida “Citibank” (AQSh) bir guruh ekspertlari tomonidan mahalliy mutaxassislarning xalqaro moliya bozorida ishlash malakasini oshirishga qaratilgan trening o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda yirik kompaniyalar rahbarlari, fond bozori ishtirokchilari, tegishli vazirlik, idoralar va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Seminar doirasida birja savdosi sohasida nafaqat endi ish boshlagan, balki tajribalilar ham tez-tez duch keladigan muammolar haqida so‘z bordi. Xususan, qarz va aksiyadorlik vositasi emissiyasini tashkil etish, jumladan aksiyani fond bozoriga ilk bor chiqarish, depozitar tilxatni chet el fond birjasiga qimmatli qog‘oz savdosi vositasi sifatida taqdim etish, shuningdek qimmatli qog‘oz emissiyasining huquqiy xususiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
“Citibank” 1812 yilda tashkil etilgan eng yirik xalqaro bank bo‘lib, moliyaviy xizmat sohasidagi yirik xalqaro korporasiya – “Citigroup” bo‘linmasi hisoblanadi. 2007 yil mart oyidan boshlab xoldinglar orasida AQShning eng yirik banki sifatida tan olingan. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi.
Trening joriy yil sentyabr oyida davlatimiz rahbarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga oliy darajadagi tashrifi yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida tashkil etildi. Tashrif doirasida “Citibank” vakillari bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvda bank-moliya sohasini rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, qimmatli qog‘ozlarning fond bozoridagi jozibadorligi va likvidligini oshirishning samarali vositasini joriy etish, shuningdek O‘zbekiston kapital bozoriga xorijiy investorlarni jalb qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Treningda “Citibank” boshqaruvchi direktorlari Kayxan Kopmaz va Armin Lindtner so‘zga chiqdi. Ishtirokchilar bilan xalqaro moliya bozorida ishlashdagi innovasion usullar bilan o‘rtoqlashdi.