O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda avtomobil ishlab chiqarish 2,3 baravarga ko‘paydi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatining 2017-2022 yillardagi rivojlanish dinamikasini taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 2017-2022 yillarda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 2,3 baravarga ko‘paydi. Pandemiya va ishlab chiqarish zanjirlaridagi uzilishlarning salbiy ta’sirlari jahon avtomobil bozorlarida saqlanib qolayotganiga qaramay, 2022 yilda O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatida yengil avtomobillarni ishlab chiqarish hajmi keskin ko‘payib, 328,1 ming donaga yetdi. Shuningdek, 2022 yilda 4094 dona yuk mashinalari va 1357 dona avtobuslar ishlab chiqarildi.
Bugungi kunda avtomobilsozlik sohasida mamlakat YAIMining 2022 yilda 1,1 foiz (2017 yilda - 0,6 foiz) va sanoat mahsulotlarining 4 foiz (2017 yilda - 2,8 foiz) yaratiladi.
Shuningdek, 2017 yilda ushbu tarmoqda o‘rtacha 23,5 mingga yaqin kishi ish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 29,2 ming nafarga yetgan yoki 24,3 foizga o‘sgan.
