O‘zbekistonda «Kun.uz», «Sof.uz», «Qalampir.uz» kabi axborot saytlarining vaqtincha ishdan chiqqanligi ma’lum qilindi

Xabar.uz axborot tahliliy portal o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qilishicha, 18 iyundan buyon .UZ domenidagi ko‘pgina saytlarning ochilishida muammolar kuzatilmoqda.
Quyida keltirilgan xabarni to‘laligicha e’tiboringizga havola etamiz.
“Xususan, «Kun.uz», «Sof.uz», «Qalampir.uz» saytlari ochilmay qolganidan xabarimiz bor. Keyinchalik ular ishlab ketdi. Ammo hamkasblarimizdan surishtirganimizda muammo nima sababdan yuzaga kelganini bilishmasligini, bu borada mas’ul idoralar bir og‘iz ham izoh berishmaganini ma’lum qilishdi.
Bugun erta tongdan «Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga ham kirib bo‘lmay qoldi. Ayni paytda ham portalimiz ishlamayapti. Biz «Xabar.uz» serverlarini doimiy nazorat qilib boramiz, texnik mutaxassislarimiz zudlik bilan serverni diagnostika qilib chiqishdi. Muammo serverlarda emas, «O‘zbektelekom» DNS serverlarida yoki kommutatorlarida ekani ayon bo‘lmoqda. Bu bo‘yicha UZINFOCOM, «O‘zbektelekom» texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limlari bilan bog‘lanib, tayinli javob ololmadik. Ular "bilmaymiz, bu haqda ma’lumotga ega emasmiz, falonchi tashkilotga murojaat qiling", qabilidagi javoblar bilan o‘zlaridan javobgarlikni soqit qilishdi.
Biz O‘zbekistonda axborot saytlarining yoppasiga ishlamay qolayotganidan xavotirdamiz. Ayni paytda «Kun.uz» va «Xabar.uz» mutlaqo ishlamayapti, bu jamoatchilik o‘rtasida tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishini, sodir bo‘layotgan holatlar qaysidir idoralar tomonidan O‘zbekistondagi rasmiy ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani sifatida talqin qilinishi mumkinligini bildiramiz. Shu munosabat bilan UZINFOCOM yagona intergatori, «O‘zbektelekom» AK va boshqa mutasaddi idoralardan yuzaga kelgan vaziyat haqida rasmiy bayonot berishlarini va muammolarning bartaraf etilishida amaliy yordam berishlarini so‘rab qolamiz.”
Manba: azon.uz