O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Davlat Dumasi Raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Davlat Dumasi Raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi Raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi Rossiya parlament delegasiyasini qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vyacheslav Volodin davlatimiz rahbariga Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda parlamentlararo muloqotlar jadal sur’at kasb etgani, O‘zbekiston va Rossiya hududlarida yangi formatdagi – ikki mamlakat parlamentlarining palata va qo‘mitalari rahbarlari darajasida uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy qilingani alohida qayd etildi.

Yangi tashkil etilgan Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya faoliyati ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qonunchilik faoliyatini tashkil etish sohasida tajriba almashishni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Iqtisodiy hamkorlikning ijobiy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilning boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash uchdan birga oshdi.

Rossiya investisiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda neft-gaz, energetika, kon-metallurgiya, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida ishblarmonlik aloqalari izchil kengayib bormoqda.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda, eng avvalo, oliy va o‘rta ta’lim hamda turizm sohalarida samarali hamkorlik rivojlantirilmoqda.

Rossiya delegasiyasi a’zolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, yoshlar tarbiyasi, sog‘liqni saqlash salohiyatini oshirish, shahar va qishloqlar infratuzilmasini modernizasiya qilish borasida ro‘y bergan o‘zgarishlarni yuksak baholadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!