Uchta tumanda kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan jihoz va uskunalarni sotib yuborilganlar qo‘lga olindi

Uchta tumanda kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan jihoz va uskunalarni sotib yuborilganlar qo‘lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tuman bo‘limi tomonidan ATB “Mikrokreditbank” Uzun filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda, “A.S.” oilaviy korxonasi va “CH.S.” MCHJ norasmiy rahbarlari YO.E. va O.T.lar o‘zaro til biriktirib, avtoservis xizmati va mebel ishlab chiqarishni tashkil etish uchun bank filialidan jami 450 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, talon-toroj qilganliklari, shuningdek bank filiali mas’ul shaxslari aslida olib kelinmagan jihozlarni olib kelinganligi haqida dastlabki monitoring dalolatnomalarni tuzganligi oqibatida, kredit mablag‘lari o‘z vaqtida qaytarilmasdan bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlanib, tekshiruv davomida yetkazilgan zararning 30 mln so‘mi undirilishi ta’minlangan.

Shu kabi, Denov tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.S.” xususiy korxonasi rahbari A.T. “Non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish” uchun hududiy bank filialidan ajratilgan 300 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i evaziga xarid qilingan ishlab chiqarish uskunalarini sotib yuborib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Qibray tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “I.G.” MCHJni norasmiy boshqarib kelgan SH.J. ATB “Mikrokreditbank” Toshkent viloyati filiali kredit bo‘limi boshlig‘i O‘.M. bilan o‘zaro til biriktirib, MCHJ rahbari SH.ning xabardorligisiz qalbaki hujjatlar asosida ushbu bank filialidan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 1 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, kredit mablag‘ini talon-toroj qilib, bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!