Turkiya kompaniyasi 1 300 nafardan ortiq o‘zbekistonliklarni ishga jalb qiladi
Ish beruvchi tomonidan borish va yashash xarajatlari qoplab berilib, uch mahal issiq ovqat, maxsus kiyim hamda himoya vositalari ajratiladi.
Turkiyaning eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri - “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” bilan Migrasiya agentligi hamkorlikni kengaytiradi
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migrasiya agentligi rahbariyati va Turkiyaning “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” kompaniyasi vakillari uchrashuvida aytildi.
Unda, ikki davlatning mehnat migrasiyasi sohasidagi hamkorligini tizimli davom ettirish, O‘zbekiston fuqarolarini Turkiyadagi yirik qurilish loyihalariga ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Kompaniya 1974 yildan buyon qurilish, energetika va transport sohalarida Turkiyadagi muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan:
- Istanbul aeroporti;
- Bosfor ostidagi Marmaray temir yo‘l tunneli;
- Karapinar quyosh elektr stansiyasi shular sirasiga kiradi.
Birinchi bosqichda, 60 nafar yurtdoshimiz shu yilning 1 dekabr kuni Turkiyaga uchib ketadi. Kelishuvga ko‘ra, yo‘l xarajatlari, turar joy, uch mahal issiq ovqat va maxsus kiyim va himoya vositalari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, yaxshi maosh, hamda mehnat huquqlari kafolatlanadi.
“Turkiyada ishga qabul qilinayotgan o‘zbekistonliklarning mehnat faoliyatini monitoring qilamiz va kelgusi yil yanvar oyida 1 350 nafar mutaxassisni Turkiya bozorida ish bilan ta’minlaymiz”, - dedi Akin Kırchichek, “Kalyon Insaat Sanayi Ve Ticaret A.Ş.” kompaniyasining inson resurslarini boshqarish direktori.