Tramp Falastinni qo‘llab-quvvatlaganlarni deportasiya qilmoqchiligini aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin orada antisemitizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi farmonni imzolashi kutilmoqda. U Falastinni qo‘llab-quvvatlab namoyishga chiqqan xorijliklar va talabalar uchun vizalarni bekor qilishni nazarda tutadi. Bu haqda Oq uydagi manbasiga tayanib, Reuters xabar berdi.
AQShda istiqomat qilayotgan va namoyishlarga qo‘shilgan barcha chet el fuqarolariga ma’lum qilamiz: 2025 yilda sizlarni aniqlab, mamlakatdan chiqarib yuboramiz. Shuningdek, radikallashuv bilan to‘lgan universitet kampuslaridagi HAMASning barcha tarafdorlari uchun talaba vizalarini zudlik bilan bekor qilaman”, dedi Tramp.
Bundan tashqari, u “amerikalik yahudiylarga nisbatan terrorchilik tahdidi, o‘t qo‘yish, vandalizm va zo‘ravonlik” uchun javobgar bo‘lgan barcha shaxslarni ta’qib qilishga va’da berdi.
Federal agentliklarga 60 kun ichida xorijiy faollarni, shu jumladan talabalarni deportasiya qilish uchun qonuniy mexanizmlarni topish bo‘yicha ko‘rsatma beriladi. Tramp prezidentlikka nomzodlik davrida HAMASni qo‘llab-quvvatlovchi talabalarni deportasiya qilishga chaqirgandi.
Inson huquqlari guruhlari va huquqshunos olimlar ta’kidlashicha, yangi chora so‘z erkinligi bo‘yicha konstitusiyaviy huquqlarni buzadi va ehtimol, huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi.