Trampning Zelenskiyga qarshi ochiq hujumlari konlar bo‘yicha kelishuv tuzishga majburlash usuli sifatida qaralmoqda

Bu haqda Politico xabar bermoqda.
Ichki manbalar bu "so‘z jangi"ning ahamiyatini kamaytirgan holda, uni "muzokaralar olib borishning navbatdagi dadil taktik namunasi" deya baholashdi.
Ularning fikricha, agar Zelenskiy kelishuvni imzolasa, Tramp bilan munosabatlarni yaxshilashi mumkin. AQSh prezidentining keskin bayonotlari esa "Rossiya tomonga burilish emas, balki Ukrainaning Vashington kelishuvini tuzish harakatlariga munosabati yuzasidan norozilik ifodasidir".
"Ukrainaliklar Trampni ommaviy tanqid qilish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini o‘z achchiq tajribalarida tushunib olishlari kerak edi. Respublikachilar partiyasida Ukrainaga qarshi kayfiyatdagi kichik, ammo baland ovozli qanot bor. Biroq, uning ichida hali ham Ukraina tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etadi.Trampga hujumlar esa shundoq ham qiyin bo‘lib turgan ahvolni yanada og‘irlashtirib tashlashi mumkin", — deydi AQSh ma’muriyatining yuqori martabali amaldorlariga Ukraina masalalari bo‘yicha maslahat beruvchi respublikachi.