Spiegel: Rossiyaning “trollar fabrikasi” Germaniyadagi parlament saylovlari haqida soxta videolar tarqatmoqda

"Internetda pochta orqali ovoz berish natijalari o‘ta o‘ngchi “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasi manfaatlariga ziyon yetkazish maqsadida soxtalashtirilayotgani haqida bir qancha soxta videolar paydo bo‘ldi", deb yozadi Spiegel.
Videolarda Leypsig shahrining 151- saylov okrugi uchun mo‘ljallangan ikki byulleten tasvirlangan bo‘lib, ularda AfD ko‘rsatilmagan. Leypsig ma’muriyati videolavhalarni o‘rganib chiqib, har qanday "xatolar" ehtimolini inkor etdi. Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, "soxta byulletenlar" katta ehtimol bilan "maqsadli dezinformasiya kampaniyasi"ning bir qismi hisoblanadi.
Spiegel ma’lumotiga ko‘ra, bunday videolarni Rossiyaning Storm-1516 targ‘ibot guruhi tarqatgan. U Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq bo‘lib, ilgari Germaniya huquq-tartibot organlari e’tiboriga tushgan. Bu guruh anonim ijtimoiy tarmoq akkauntlari va turli veb-saytlar orqali rossiyaparast targ‘ibot materiallarini tarqatgan.
Microsoft kompaniyasi tahlilchilari Storm-1516 guruhini 2024 yildagi AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuv doirasida eslab o‘tgan. Guruh bir necha bor Demokratik partiya haqida yolg‘on yangiliklar chop etgan. Microsoft mutaxassislarining taxminiga ko‘ra, guruh qarorgohi Sankt-Peterburgda joylashgan va uning ayrim xodimlari avval Yevgeniy Prigojin tomonidan tashkil etilgan “trollar fabrikasi” da ishlagan.