Xitoy Avstraliyani provokasiya qilmoqda

Xitoy bilan munosabatlardagi kuchayib borayotgan keskinlik fonida o‘tgan hafta Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida uchta Xitoy kemasi - fregat, kreyser va ta’minot kemasi kuzatildi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Richard Marles Sky News'ga xabar berdi. Uning aytishicha, Xitoy kemalari sharqiy qirg‘oq bo‘ylab yo‘l olgan.
"Biz ularni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz va har bir harakatini nazorat qilishda davom etamiz," - dedi Marles.
Avstraliya Xitoyni harbiylarining xavfli xatti-harakatlari uchun ayblov bilan chiqdi.
Xususan, bir necha kun oldin Xitoy qiruvchi samolyoti Janubiy Xitoy dengizida Avstraliya havo kuchlari samolyoti yaqinida signal raketalarini uchirdi. Pekin bunga javoban Avstraliya samolyotini "Xitoy suverenitetini buzganlik va mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid solganlik"da aybladi.
Xitoy va Avstraliya o‘rtasidagi bunday hodisalar ilk bor sodir bo‘layotgani yo‘q. Mintaqadagi havo va dengiz yo‘llari tobora bahsli mavzuga aylanib bormoqda, bu esa vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.
Xitoy Janubiy Xitoy dengizining deyarli butun hududiga da’vo qilmoqda (bu da’volarning bir qismi Gaagadagi Doimiy arbitraj sudi tomonidan 2016 yildayoq g‘ayriqonuniy deb topilgan edi). Dengiz hududining boshqa qismlariga da’vogar davlatlar - Bruney, Indoneziya, Malayziya, Filippin va Vetnam hisoblanadi.