Tramp Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyor
AQSh prezidenti Donald Tramp, agar delegasiyalar bo‘lajak muzokaralarda muvaffaqiyatga erishsa, Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u The New York Post'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligi haqidagi taxminlarni “bir chetga surib qo‘ygan”.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh delegasiyasi allaqachon Islomobodga yo‘l olgan. Delegasiya tarkibidan vise-prezident Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff va maslahatchi Jared Kushner joy olgan.
"Ular hozir u yerga yo‘l olishmoqda. Islomobod vaqti bilan bugun oqshom o‘sha yerda bo‘lishadi", — dedi prezident.
Shuningdek, Tramp agar imkoniyat tug‘ilsa, Eron rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashishdek “radikal diplomatik qadam”ga tayyorligini bildirdi.
"Ular bilan uchrashish men uchun muammo emas. Agar ular uchrashishni xohlashsa, bizda juda qobiliyatli odamlar bor, men ular bilan ko‘rishishga qarshi emasman", — dedi u.
Biroq Tramp buning uchun Eron yadro qurolini yaratishga bo‘lgan har qanday urinishdan voz kechishi kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, AQSh rahbari Eron “talablarga rioya qilsa, gullab-yashnash va farovon davlatga aylanish salohiyatiga ega” ekanini qo‘shimcha qilgan.
