Hakam: Husanovga qizil kartochka ko‘rsatish kerak edi!
Angliya Premyer-ligasining 33-turida “Manchester Siti” futbolchilari musobaqa peshqadami “Arsenal”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, yana chempionlik kurashiga qaytdi.
Uchrashuvda to‘liq o‘ynagan Abduqodir Husanov jamoasining eng muhim o‘yinchilaridan bo‘ldi va juda faol himoyalandi.
Professional hakamlar ushbu muhim uchrashuvni tahlil qilib, bosh hakam Entoni Teylorning ikki qarorini alohida muhokamaga olib, o‘z xulosalarini berishdi.
Birinchi vaziyat Abduqodir Husanov darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ketayotgan “Arsenal” hujumchisi Kay Xaversni to‘xtatgan paytda yuz berdi. Ikkinchi holat esa o‘yin oxirida Gabriel Magalyaens bilan Erling Xoland o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘ldi.
Har ikki vaziyatda ham Entoni Teylor qizil kartochka ko‘rsatmaslikni ma’qul ko‘rdi, biroq ko‘pchilik uni har ikki holatda ham ortiqcha yumshoqlik qilgan, deb hisoblamoqda.
Sobiq hakam Kit Xakettning fikricha, Abduqodir Husanov Kay Xaversga qarshi qoidabuzarlik uchun jazo olmagani uning omadi bo‘lgan va agar jarima belgilanganida, aniq qizil kartochka ko‘rsatilar edi.
- Agar Entoni Teylor tomonidan jarima belgilanganida, menda hech qanday shubha yo‘qki, ochiq golga tortadigan imkoniyat yo‘q qilingan, deb baholanardi va bu “Manchester Siti” o‘yinchisi Husanov uchun qizil kartochkaga olib kelardi, - dedi Kit Xakett. Videoni takror ko‘rib chiqqanimdan so‘ng, menimcha, “Manchester Siti” o‘yinchisi maydondan chetlatilmagani uning omadi, degan xulosaga keldim.
Gabriel Magalyaens va Erling Xoland o‘rtasidagi bosh urishtirishga kelsak, sobiq hakam Dermot Gallaxer Sky Sports nashriga bergan intervyusida hakamning ikki o‘yinchiga sariq kartochka ko‘rsatish qarori adolatli bo‘lganini aytdi.
- Bu eng oqilona harakat emas, katta tavakkaldek ko‘rinadi. Lekin yaxshiroq qarasangiz, himoyachi raqibiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba bermayapti, balki unga yaqinlashyapti, bosh bilan aniq urgani yo‘q.
Rostini aytsam, menimcha bu juda adolatli qaror bo‘ldi. Ikkala o‘yinchi ham o‘yin davomida ancha agressiv edi va bu o‘yinda nima qadar katta narsa tiklanganini ko‘rsatdi, - dedi Dermot Gallaxer.
Yakuniy xulosa sifatida, ko‘rinadiki, sobiq hakamlar fikricha, yakshanba kungi mag‘lubiyatda “Arsenal” hakamlik va VAR tizimi qarorlaridan raqibiga qaraganda ko‘proq jabr ko‘rgan.Chunki Abduqodir Husanovning maydonda qolishi “Arsenal” hujumlarini to‘xtatishda muhim ahamiyat kasb etdi.
