Toshkentda terrorizmni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan 29 yoshli yigit ushlandi

Toshkentda terrorizmni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan 29 yoshli yigit ushlandi

DXX va IIV xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkentda terrorizmni moliyalashtirish bilan shug‘ullangan shaxs qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 yoshli toshkentlik fuqaro 2014 yilda o‘qish vizasi bilan Janubiy Koreyaga borgan va keyinchalik turli zavodlarda ishlaga. 2018 yilning o‘rtalarida esa internet orqali xalqaro terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlar g‘oyaviy rahnamolarining «hijrat», «jihod», «shahidlik» to‘g‘risidagi audio-video ma’ruzalarini tinglab, ularga xayrihohlik bildirgan hamda aqidaparastlik mazmunidagi materiallarni atrofdagilarga tarqata boshlagan.

2020 yilda u O‘zbekistonga qaytganidan keyin ham noqonuniy harakatlarini davom ettirgan. Hatto «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti a’zolarining virtual da’vatlari ta’sirida yaqinlaridan yashirincha Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan. Lekin maqsadi amalga oshmagach, jangarilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni reja qilgan.

Shu tariqa u 2021-2022 yillar davomida o‘zi va boshqa maslakdoshlarining jami 24 million 222 ming so‘m miqdoridagi mablag‘larini «moliyaviy jihod» sifatida xalqaro pul o‘tkazmalari va elektron ilovalar orqali Suriyadagi jangarilarga yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan uning qilmishlariga huquqiy baho berildi. U Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!