Toshkent viloyatida 4 kgga yaqin giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tezkor tadbir davomida tojikistonlik narkokurerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelinib, Quyichirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg 834 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan 2 nafar fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari “Surxondaryo-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi O‘rtachirchiq tumani hududida to‘xtatilgan.
Oqibatda Yuqorichirchiq tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi avtomashinada muqaddam sudlangan shaxs yo‘lovchi sifatida ketayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kg “gashish” moddasi yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ushbu moddalarni Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotib mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.
Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi 3 nafar fuqaro 985 gr “gashish” moddasini Nexia avtomashinasida Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida to‘xtatib qolindi.
Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaro Qo‘qon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr “gashish” hamda 722 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 43 mln so‘mga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari O‘zbekistonga Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.
Yana bir holatda esa “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti avtomashinasi Ohangaron shahri hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganliklari uchun sudlangan 2 nafar yo‘lovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarodan 22 mln 500 ming so‘mga sotib olishgan.
Hozirda yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.