Fuqarolar yig‘ini raislarini besh yil muddatga saylash tartibi belgilanmoqda
Amaldagi tartibga ko‘ra fuqarolar yig‘ini raislari 3 yil muddatga saylanadi. Ammo bu davr fuqarolar yig‘ini raislariga o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishga yetarlicha imkoniyat bermaydi.
2025 yil 13 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Dastlab, bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, amaldagi tartibga ko‘ra fuqarolar yig‘ini raislari 3 yil muddatga saylanadi. Ammo bu davr fuqarolar yig‘ini raislariga o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishga yetarlicha imkoniyat bermaydi.
Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan yangi saylangan fuqarolar yig‘ini raisi to‘liq 5 yil muddatga saylanishini belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, loyiha bilan fuqarolar yig‘ini raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini takomillashtirish maqsad qilingan.
Xususan, fuqarolar yig‘ini sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni Respublika ko‘maklashuvchi komissiyalaridan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ko‘maklashuvchi komissiyalariga berilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkazish orqali fuqarolar yig‘ini raisini besh yil muddatga saylash tartibi belgilash nazarda tutilmoqda. Oliy Majlis Senati Kengashining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlarni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga o‘tkazish taklif qilingan.
Qonun loyihasini muhokama qilar ekan deputatlar amaldagi tartib eskirib qolganini va yangilik joriy etish yaxshi samara berishi mumkinligini ta’kidladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga o‘tkazilishi tizimdagi o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. O‘zgarishlarning tadbiq etilishi fuqarolar yig‘ini vakolatlarini yanada kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Deputatlar ushbu jihatlarni inobatga olgan holda o‘z takliflarini, fikr-mulohazalarini bildirdi. Kelgusi o‘qishgacha qo‘shimchalar ustida ishlashga kelishilgan holda loyiha ma’qullandi.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.