Tolibon AQSh bilan «100 yil jang qilishga tayyor»ligini ma’lum qildi

Tolibon AQSh bilan «100 yil jang qilishga tayyor»ligini ma’lum qildi

“Agar AQSh tinchlik muzokaralarini qayta boshlashni istamasa,  Tolibon u bilan 100 yil kurashishga tayyor”, dedi Tolibon vakillaridan biri. Ushbu bayonot Prezident Donald Tramp Tolibon bilan muzokaralar tugaganini e’lon qilgandan bir necha kun o‘tgach berildi.

Afg‘onistonda Tolibon hujumidan keyin AQSh harbiysi halok bo‘lgan va aynan shu sabab Tramp muzokaralarni bekor qilgan.

Moskvaga tashrif buyurgan Tolibon delegasiyasi a’zosi,  agar AQSh ham qiziqish bildirsa,  guruh muloqotni qayta tiklashga roziligini aytdi. «Biz kelishuvlarga qaytishga rozimiz. Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishini istaymiz va chet el qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi uchun xavfsiz sharoit yaratib berishni xohlaymiz. Agar Amerika tomoni muzokaralarni xohlamasa, biz hatto 100 yil davom etgan taqdirda ham o‘zimizni himoya qilishga majbur bo‘lamiz.», dedi Sher Muhammad Abbos Stanekzay Rossiyaning RT telekanaliga.

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining matbuot kotibi Sediq Seddiqi tvitterda Abbosning so‘zlariga munosabat bildirdi:

“Bu safar toliblar Moskvada turib ovozlarini ko‘tarishdi va ular afg‘onlarni o‘ldirishda davom etishlarini aytishdi-yu. Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari sizni kutmoqda.”

Tolibon rahbarlarini yaxshi biladigan siyosiy tahlilchi Vohid Mojda Moskva safari isyonchilarning muzokaralar olib borishga tayyorligini namoyish qilishning bir qismi bo‘lganini aytdi.

«Tolibon boshqa davlatlar,  masalan,  Xitoy,  Eron va boshqa joylarga borib Amerika bilan tinchlik bitimini imzolashga tayyor ekanliklarini aytadi. Ushbu safarlar ahamiyatga ega,  chunki Tolibon agar Vashington bitim tuzishni istamasa,  Afg‘onistonda qolishi va mintaqa uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini da’vo qiladi.», dedi u “Arab News”ga.

Manba: tarjumon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!