Tirnoq nega et ichiga o‘sadi?

Tirnoq nega et ichiga o‘sadi?

Ko‘pchilik insonlar oyog‘ining bosh barmog‘i tirnog‘i et ichiga o‘sayotganidan aziyat chekadi. Biroq hamma ham bunga yetarlicha e’tibor qilavermaydi. Natijada bir qarashda oddiy bo‘lib ko‘ringan bu holat, keyinchalik juda ko‘p muammolarga, hatto, jarrohlik amaliyotiga sabab bo‘ladi.

❓Xo‘sh, nega oyoq bosh barmog‘ining tirnog‘i et ichiga o‘sadi? Uning sabablari va davolash usullari qanday?

— Tirnoqning et ichiga qarab o‘sishi (onikokriptoz) surunkali kasallik bo‘lib, tirnoq plastinkasi uning to‘qimalariga, ya’ni lateral qismiga qarab o‘sishi bilan kechadi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Shahnoza Mavlonova. — Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, xirurg-shifokorlarga murojaat qiluvchi bemorlarning 3-10 foizida aynan ushbu kasallik aniqlanadi. Bolalarda esa asosan 10-15 yoshda kuzatiladi.

Xastalik ko‘pincha yurish paytida, ayniqsa, tor poyabzal kiygan vaqtda o‘sgan tirnoq joyida og‘riq bilan boshlanadi. Keyinchalik esa tirnoq burmasining qizarishi va shishi paydo bo‘ladi. So‘ngra tirnoq plastinkasi ostidan yiring hosil bo‘lishi va chiqishi, ba’zan qon ketishi bilan kechadi.

Afsuski, aksariyat bemorlar uyda muammoni mustaqil hal qilishga urinib, uzoq vaqt shifokorga borishni kechiktiradi. Bu esa salbiy asoratlarga, umumiy holatning yomonlashishiga, yallig‘lanish jarayonining qo‘shni to‘qimalarga tarqalishiga olib keladi. Bemor esa og‘riq zo‘rayib, unga chidashning imkoni bo‘lmagandagina shifokorga murojaat qiladi. Shu sababli kasallik surunkali tus oladi.

👞Tirnoqning et ichiga qarab o‘sishini ko‘pincha noto‘g‘ri tanlangan poyabzal tufayli kelib chiqadi, deb o‘ylashadi. Bu ham asosiy omillardan biri.

Shu bilan birga, tirnoqni noto‘g‘ri olish, ya’ni oysimon shaklda kaltalatish ham uning tuzilishiga ta’sir etishi mumkin.

Shuningdek:
✅ oyoqning ortopedik kasalliklari;
✅ tirnoqning infeksion zamburug‘li xastaliklari;
✅oyoq barmoqlarining jarohatlari va yaralari;
✅organizmda vitaminlar va mikroelementlarning yetishmasligi;
✅ayrim ichki organlar kasalliklari;
✅psoriaz;
✅qandli diabet;
✅semizlik
✅nasliy moyilliy va boshqalar ham ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

🧑🏻‍⚕️Xastalikni davolash uchun shifokor-dermatolog hamda yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punkti jarrohiga murojaat qilish lozim. Ushbu mutaxassislar bemorga tirnoq shaklining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqlab, shunga muvofiq muolajalarni tavsiya qiladi.

❗️Dastlab ushbu xastalik konservativ usulda davolanadi. Bu orqali yiringli yallig‘lanish jarayonlariga qarshi kurashilib, og‘riqning intensivligi kamaytiriladi. Yiringlash va boshqa asoratlarni rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun muolajalar mutaxassis tomonidan belgilanishi kerak.

♻️Agar konservativ usullar samara bermasa, u holda jarrohlik davolash qo‘llaniladi. Xususan, tirnoq ichiga o‘sib ketgan bo‘lsa, lazer yordamida korreksiya qilinadi. Qolaversa, hozirda maxsus plastinkalar ham qo‘llanilayotgan bo‘lib, ushbu vosita tirnoqning etga qarab o‘sishidan himoyalaydi. Xastalik to‘g‘ri davolanilsa, keyinchalik qaytalanmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!