«Tilanchilar...»

«Tilanchilar...»

Chorsudagi avtoshohbekatda bir tilanchi amaki bo‘lardi. Yoshi 70 lar chamasidagi bu amaki uzun soqol qo‘ygan, doim chakmon va do‘ppida yurar, bekatdagi har bir avtobus yoki marshrutkaga chiqib tilanardi.

O‘zim shogirdlikda, qiyinroq ahvolda bo‘lganim sabab har qanday lo‘li zotiga pul bermasam ham (u paytlar tilanchi deganda faqat lo‘lilar tushunilardi), shu amakiga yo‘q deyolmasdim. Nimadir berib ketardim...

Qish kunlarining birida qornim juda ochib ketib bekatdagi oshxonaga 2-3 ta "perashka" yeb olish uchun kirdim. Qarasam nariroqdagi stolda "tanish" tilanchi amaki o‘tiribdilar.

Oldilarida shashliklar assortimenti va ikkita "stakanchik" aroq!

Shu kundan boshlab tilanchilar qarshimda qanday "maska"da namoyon bo‘lmasinlar, meni tosh qalbimni kamdan kam holda "eritishdi".

Bir kuni masjidda xuftonni o‘qib chiqib domla bilan suhbatlashib turgandik, biznesmenlardek po‘rim kiyingan barvasta bir yigit shoshilib keldi va biz bilan salomlashgach so‘radi:
– Masjidilada kamera bormi?

Biz:
– Yo‘q! (u paytda yo‘q edi)

– Farg‘onadan singlimni ko‘zini operasiya qildirishga opkeludik, portfelimni ichida anchagina pul bor edi.
Xuftonni o‘qib qarasam, xonaqohga qo‘ygan joyimda portfelim yo‘q. Hozir dorilarni olishim kerak va ertalab operasiya belgilangan! Shunga yordam berib turinglar, hozir uydan pul chaqirtirdim ertaga kechga opkeb beraman!
Domla 100 $ berdi. Qolganlar ham qarab turmadik va musofirga baholi qudrat anchagina yordam qildik.

Keyin ertasiga kechqurun ham, indingayam... undan keyin ham "jabrdiydaning" qorasi ko‘rinmadi.

Yillar o‘tib globallashuv davrida tilanchilar ham bir joyda qotib qolishmadi. Ular ham o‘z ustilarida "ishlashdi, izlanishdi".

Bir og‘aynimiz "kaptivasida" yo‘l chetida tursa, oldiga bir "spark" kelib to‘xtabdi va signal chalibdi. Qarasa mashina ichida "kiyinvogan" ikki o‘zbek qizi o‘tirganmish. Qizlar sparkni oynasini tushirib:
– Oka iltimos o‘nta benzinga pul berib turing uyga yetvolilik “paynet” qivoramiz.

Do‘stimiz ham uyalganidan maydalashmasdan ellik ming bervoribdi. (benzin unda 2800 so‘m edi) Oradan bir necha oy o‘tib yana yo‘l chetida yana o‘sha uslub va o‘sha "ko‘chada qopketgan" qizlar.
– Oka iltimos o‘nta benzinga...

Og‘aynimiz qizlaga qarab:
– Oldin o‘tgan galgi qarzilani to‘lavorilachi!

Spark chiyillagancha survoribdi...

Yuqorida qissalari keltirilganlar aslida mayda tilanchilar.

Biznes "tabib"lik qilib yoki soxta shirk ziyoratgohlar yaratayotganlar, "qurilish bahonasida" pul yig‘ib ehson qutilarini o‘marayotgan, mansabga o‘tirsam undoq qilaman deb yolg‘on va’dalar berib, kursiga o‘tirgandan keyin esa jig‘ildonini o‘ylab xalqning boyliklarini "uxlatayotgan" lar esa jamiyatdagi eng katta va xavfli tilanchilardir!

"Insonlarning ishonchini suistemol qilib har qanday yo‘l bilan pulini olish gadoylikdir!"

Hojiahmad UMRZOQOV,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!