Tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi qanday?
“Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida” gi Nizomga muvofiq tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
1. Tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmasevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
2. Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
3. Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi stasionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
4. tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.
Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi. Umumiy 100 ballik reyting tizimi asosida 75 balldan 100 ballgacha natijaga erishgan tibbiyot muassasasi xodimlari oylik maoshiga quyidagi tartibda qo‘shimcha oylik foizli ustamalar belgilanadi:
a) tibbiyot xodimlariga:
- 75 baldan 84 ballgacha oylik maoshining 50 foizgacha miqdorida;
- 85 baldan 94 ballgacha oylik maoshining 75 foizgacha miqdorida;
- 95 baldan 100 ballgacha oylik maoshining 100 foizgacha miqdorida.
b) tibbiyot xodimlaridan tashqari boshqa xodimlar uchun:
- 75 baldan 84 ballgacha oylik maoshining 25 foizgacha miqdorida;
- 85 baldan 94 ballgacha oylik maoshining 50 foizgacha miqdorida;
- 95 baldan 100 ballgacha oylik maoshining 75 foizgacha miqdorida.
Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlar uchun 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar ularning birinchi uch yillik mehnat faoliyati uchun har oyda belgilanadi:
- birinchi yil uchun – 1 million so‘mdan;
- ikkinchi yil uchun – 750 ming so‘mdan;
- uchinchi yil uchun – 500 ming so‘mdan maxsus oylik ustamalar belgilanadi.
– Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi stasionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar quyidagi miqdorlarda belgilanadi va to‘lab beriladi.
- tibbiyot muassasasida shifo o‘rni 5 tagachani tashkil qilganda – 10 foiz;
- tibbiyot muassasasida shifo o‘rni 5 tadan 10 tagacha – 20 foiz;
- tibbiyot muassasasida shifo o‘rni 10 dan yuqori tashkil qilganda – 30 foiz.
Tibbiyot muassasalari xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlarda beriladigan mukofot miqdori bir kalendar yil mobaynida har bir xodimga ikki lavozim maoshidan oshmagan holda belgilanadi.
Tibbiyot muassasalari xodimlariga ularning murojaatiga ko‘ra yoki tegishli tibbiyot muassasasi kasaba uyushmasi tashkilotining tashabbusi bilan (yaqin qarindoshlarning vafot etishi, og‘ir jarohatlar olish, kasal bo‘lish, tabiiy ofatlar oqibatlarida) moddiy yordam ko‘rsatiladi, bunda yuqoridagi moddiy yordam miqdori har bir tayinlangan holat uchun xodimning bir lavozim maoshidan oshmasligi lozim.
