“Telegram”da ijara asosida uy olmoqchi bo‘lgan shaxslarning pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan “soxta makler” qilmishlariga chek qo‘yildi
Toshkent shahar, Yangihayot tumanida yashovchi 22 yoshli X.S. murojaat qilib, o‘z arizasida “Telegram” messenjerida ijaraga xonadon olish maqsadida “Sobirov” profil foydalanuvchisi bilan tanishib, uning xonadonini ijaraga olish bo‘yicha o‘zaro kelishgan va oldindan to‘lovni bir qismi sifatida o‘zining bank kartasidan 1.070.000 so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib bergach "Sobirov" profil foydalanuvchisi suhbat yozishmalarini o‘chirib yuborib, murojaatchini qora ro‘yxatga kiritib qo‘yganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan, 25 yoshli M.M. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan M.M., internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeridagi “Sobirov” profili orqali o‘zini “Uy egasi” sifatida tanishtirgan holda, ularni qiziqtirib, bank karta ma’lumotlarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish orqali ularning mablag‘larini o‘zlashtirib, qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirib kelganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, M.M. tomonidan sodir etilgan jinoiy harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
