Tehronda o‘tkazilgan kurash bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi

Tehronda o‘tkazilgan kurash bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi

Musobaqa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek milliy kurashini ommalashtirish, uning jahon sporti durdonasiga aylanishiga va yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilishiga erishish bo‘yicha tashabbus va qarorlarining ijrosini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etildi.

Xalqaro Kurash assosiasiyasi administrasiyasi rahbari Mansur Mirzayev va Osiyo-Okeaniya kurash konfederasiya prezidenti Komil Ro‘ziyev turnirning ochilish marosimidagi nutqida, O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida o‘zbek kurashini xalqaro maydonda yanada ommalashtirish va qit’a hamda jahon birinchiliklarini muntazam o‘tkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilganini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda kurash xalqaro sport turi sifatida keng e’tirof etilmoqda, «kurash», «halol», «ta’zim», «to‘xta» va «yonbosh» kabi o‘zbekona atamalar esa xalqaro sport lug‘ati tarkibidan mustahkam o‘rin egalladi.

Tehronda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 20 tadan ortiq davlatdan 200 nafardan ziyod polvonlar bel olishdi.

Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Jumladan, O‘zbekiston erkaklar jamoasi 5 ta oltin, 1 kumush 1 bronza medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasi vakilalari ham 3 ta oltin va 4 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni band etishdi.

Xususan, erkaklar bahsida Murodil Murodillayev (- 60 kg), Otabek Hasanov (-66 kg), Arslonbek Tojiyev (-81 kg), Umar Bozorov (-90 kg) va Shermuhammad Jandriyev (-100 kg), ayollar kurashida Hilola Ortiqboyeva (52 kg), Shahnoza Bozorova (- 70 kg), Pokizaxon Kamoliddinova (- 87 kg) o‘z vazn toifalarida Osiyo chempionligini tantana qildilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!