Tarixing unutma, ey xalq!

Tarixing unutma, ey xalq!

Bir oilada o‘n o‘g‘il bor. Ularga ota rahbar. Rahbarning so‘zini bekamu ko‘st bajarayotgan xonadonda baraka to‘lib toshgan. Ikkinchi xonadonda ham o‘n o‘g‘il bor, ammo oila vaziri ona doimo farzandlarini bir-biriga qayraydi. Otaning so‘zini sariq chaqaga olishmaydi. O‘zaro urush-janjallar bois, baraka yo‘q. Ularning maqsadi ota hovlini sotib, o‘zaro bo‘lib olib, boy bo‘lish. Urush janjalli xonadon hovlisini ittifoq bo‘lgan o‘g‘illar sotib olishdi. Janjalkash o‘g‘illar oz fursatda topganlarini sovurib xor bo‘lishdi. Boy oilaga xizmatkor bo‘lishdi. Og‘ir mehnatlarga uchrashsada aqllari kirmadi. Doimo kelajakda buyuk bo‘lamiz deb, orzular qilishdi. Oradan yillar o‘tib boy o‘g‘illar ularga hurriyat berishdi. O‘zlari ro‘zg‘or tebratishni uddalay olmagan bolalar, yana urush-janjallari, ittifoqsizliklari bois hech narsaga erisha olishmadi. Yana ortga xo‘jayinlariga qaytishdi. O‘zlarini mustaqil ish olib borolmasliklarini aytib, boy o‘g‘illarga arzimas chaqa uchun xizmatkor bo‘lib yurishni afzal bilishdi. Chunki ular doimo buyruq bajarib o‘rganishgandi. Shu bois avvalgi xo‘jayinga xizmatkor bo‘lishni afzal bilishdi. Buyruqni bajarib, qorinlarini to‘q bo‘lishini hurriyatdan afzal bilishdi.

Qissadan hissa yurtimizni Chingizxon bosdi. Yurtni taladi. Saxavotsiz boylar, adolatsiz amirlarni qirib, topganlarini tortib olib, uylarini kultepa, o‘zlarini xoru zor qilishdi. Olimlar va fuqaroni soch qirganday qirdi. Alloh taoloning inoyati bilan yurt ozod bo‘ldi. Amir Temur dunyoga hukmdor bo‘ldi. Undan so‘ng avlodlar yana taxt, hokimiyat va amal talashishlari bois, taraqqiyot yo‘lini qo‘yib, johillik yo‘lini tanlashdi. Bitta ayol deb Buxoro amirligi bilan Qo‘qon xonligi o‘rtasida qonlar to‘kilib, qancha odamlar halok bo‘ldi. Kambag‘al, miskinlar, yetim va muhtojlar ko‘paydi. Ularning dodiga yetadigan, ko‘mak beradiganlar kamayib ketdi. Yana amaldorlar, boylar o‘z maishatlarini o‘ylab: “O‘zimning bolalarim tinch bo‘lsa bo‘ldi. O‘zga bilan nima ishim bor?!”, deb haddan oshishdi.

Ajabo yana kim o‘zarga to‘ylar, baland-baland imoratlar qurishdi. Bebosh davlat amaldorlari podshohning buyruqlarini bajarishmadi, nasihatlariga quloq solishmadi. Chetdan poylab turgan Chor Rossiya imperiyasi bosib kelib, birinchi amaldorlarni, boylarni va olimlarni qirdi. Miskin va muhtojlardan qizg‘angan g‘aniylarning boyliklarini urib-surib tortib olib, saroylarini vayron qildi.

Oradan yana vaqt o‘tdi. Xalqqa yana boylik va martabalar yetdi. Boylikka erishgan boylar kechagi ota-buvalarining jabru jafosini yana unutdilar. Yana muhtoj, miskin va g‘ariblar ko‘paydi. Bechora xalqning ochlari g‘ayri dinlarning sariq chaqasi uchun ularning xizmatkori bo‘lib, eshiklarida xizmat qilishdi. Boy va amaldorlar esa ko‘chalarda gadoylik qilib yurgan dindosh birodoriga yordam bermay, yana faxrlanish, kibr, manmanlik otiga minishdi. Maktab, madrasaga sariq chaqa berishmadi. Taraqqiyotni o‘ylamadilar. Maxfiy gunohlar girdobida bo‘kdilar. Kim haqni gapirsa, turli tuhmatlar qilib xorlashdi. Qoziyu muftiylar o‘z nafslariga mos fatvolar chiqarishdi. Ularga qarshi gapirganlar ustidan kofir deb hukm chiqarishdi. Qamoqxonalarda chiritishdi. Jadidchilarning ustidan turli bo‘htonlar uyushtirishdi. Shunday holda g‘aflatda yurganlarida Leninning buyrug‘i bilan Frunzening arman kallakesarlar armiyasi bilan birinchi amaldorlarni, so‘ngra boylarni va qoziyu muftiylarga qo‘shib, qori, olim va eshon to‘ralarni qirishdi. Turklardan ololmagan alamlarini turkiy va forsiy zabonlar qoni evaziga qasd olishdi. Xasis boylar bir tangaga zor qilinib o‘ldirilib, Sibirga surgun qilindi. Oz muddatda topganlari yo‘q bo‘ldi. Xonimonlaridan ajralishdi. Miskinlarga shafqat qilmaganlar qashshoq, miskinlardan ham badtar bo‘ldilar. Xalq boylarni tarafini olib bosh ko‘tarmadilar. Balki bosqinchilarga yangi umid bilan boqdilar. Hammasi yo‘qolsa yo‘qolsin qornimiz to‘q, ustimiz but, bolalarimiz baxtli bo‘lsa bo‘ldi, deyishdi. Millionlab odamlar qoni evaziga ma’lum muddat baxtli yashashdi. 1980 yillar o‘rtasida Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi qonxo‘rlar “O‘zbek ishi”, deb, oltmish mingga yaqin amaldorlaru boylarni qamab xo‘rladi. Albatta ularning ichida kambag‘al, gunohsizlari ham bor edi.

Men bu bilan nima demoqchiman? Bugun yana tarixni unutdik, boy-badavlat, amaldorlarning bor budidan ajrab, xorlanganlarini esdan chiqardik. Yana kibr, maqtanchoqlik, uy-joy qurishda musobaqalarga kirishdik. To‘ylarda maqtanish, uy-joy, mashina, tillolarimiz bilan maqtanib, bechora g‘ariblarni unutdik. Ularga korxona qurib, ish joylar yaratish o‘rniga boylar topganini isrof qilmoqda. Davlat podshohini aytganini bajarmay ichki nizolarga kuch bermoqda. Haqni gapirganlarni jazolash, xorlashga o‘tdik. Rossiya sovuqlarida azob chekib, arzimagan pulga ishlab, xorlanayotganlarni ko‘rib, o‘sha mening diniy birodorim, millatdoshim-ku deb o‘ylamayapmiz. Miskinlar boylar eshigiga kelsa masxara qilib urib so‘kib haydayapti. O‘zimiz issiq par to‘shaklarda yotib, sovuqdan qiynalayotgan, kasal bo‘layotgan yurtdoshlarimizni o‘ylamayapmiz. Bu to‘g‘rida gapirsam gap ko‘p.

Alloh taolodan duo qilaylikkim ajdodlarimiz boshiga tushgan musibatlar boshimizga tushmasin. Yurtimiz, millatimiz va dinimiz dushmanlari yo‘qmi? Ular kuzatmoqda, payt poylamoqdalar vaqti kelsa och bo‘ridek yopiriladilar. Ular birinchi kimga hujum qiladi? Yuqorida aytganimdek amaldor, boy va ahli ilm kishilariga, xo‘sh ular bostirib kelsa, xalq tarafimizni oladimi? Aslo yo‘q! Chunki doimo va’dalarga ishonib kelgan xalq ishonmaydi. Bosqinchilar esa xalqni yangi va’dalar berib avraydilar. Ajdodlarimizni ogohlantirganlarida barchasi yolg‘on bo‘lishi mumkin emas, biz kuchlimiz, bizni bosishga hech kimni haddi sig‘maydi deyishgandi. Ammo oqillar so‘zi haq bo‘lib chiqdi. Nasihatni olmaganlar ming pushaymon chekishdi. Shu bois ko‘zni oching, bugun xatoyimizni to‘g‘rilab, nafs jilovini tortmasak, Alloh taoloning g‘azabi yog‘ilishi mumkin. Xalqni tinka madorini quritmang. Dushmanlar sizni tinka madoringizni quritishadi. Prezidentga sadoqat bilan xizmat qiling va illo dushman ayab o‘tirmaydi. Ogoh bo‘ling xalq dardini oson qiling, topgan pullaringizni chet el banklariga tiqmang, ulardan bir sabab, fitna bilan ajrab qolsangiz pushaymon bo‘lasiz va Allohning g‘azabiga uchraysiz. Olimlar pandiga quloq solmagan, maddohlik yo‘lini qo‘ymagan xalqning oxiri xarobdir.

Ey, boylar jamoasi! Boyligingiz bundanda ziyoda bo‘lsin. Qiyomatda boylik, mansab va amallarimiz uchun savol-javobga tutilishimizni esdan chiqarmang. Zavod fabrikalar va korxonalarni ko‘paytiring, mo‘min birodorlar mushkulini oson qiling. O‘z mo‘min birodorlaringizni o‘zgalar qo‘lida xor bo‘lishiga qarab turmang. Berilgan umr, boylikni g‘animat biling va muhtojlar mushkulini oson qiling.

Manba: azon. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!