Tarixdagi birinchi islomiy pul birligini bilasizmi?

Har bir asrda musulmonlar o‘ziga xos pul birliklaridan foydalanishgan.
Vizantiya dinori. Islomdan oldin va undan keyingi ilk davrlarda arablar ko‘proq Vizantiya dinori va Sosoniy (Eron) dirhamini pul birligi sifatida ishlatishgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu davrlarida ham ushbu tangalarga birorta o‘zgartirish kiritilmagan. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bundan ko‘ra muhimroq ishlari - insonlarga shariatni to‘la-to‘kis yetkazish mas’uliyatlari bor edi. Hazrati Abu Bakr Siddiqning qisqa boshqaruv davrlari esa dindan qaytgan arablarni Islomga qaytarish bilan o‘tdi.
O‘sha paytdagi Vizantiya dinori oltindan bo‘lib, unda Hiraql va avlodlarining surati tushirilgan. Sosoniy dirhamida ham hukmdor surati tushirilgan va pahlaviy tilida uning ismi yozilgan.
Hazrati Umarning davrlariga kelib Sosoniylar imperiyasi mag‘lub etilgach, Vizantiya pul birligiga «Bismillah. Muhammadur-Rosululloh. Amiyrul mu’miniyn» kabi arabcha iboralar qo‘shilgan. Bu arablashtirilgan ilk pul birligi edi.
Umaviy dinori. Ammo mutlaqo yangi, ilk haqiqiy islomiy pul birlik beshinchi umaviy xalifa - Abdulmalik ibn Marvon davrida (684-705) zarb qilingan.
Ushbu yangi tanga «Islom oltin dinori» (الدينار الذهبي الإسلامي) yoki «Umaviy dinori» (الدينار الأموي) deb atalib, og‘irligi 4,25 gram, diametri 20, eni 19, qalinligi 1 mm, 95 % sof oltindan iborat bo‘lgan.
Unga xalifa Abdulmalik ibn Marvonning qilich tutgan surati tushirilgan. Old tarafida kufiy xat bilan yozilgan «Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu» (لا إله إلا الله وحده لا شريك له) jumlasi, orqa tarafida esa «Ixlos» surasi naqsh qilib yozilgan.
Islomdagi ushbu birinchi pul birlik Damashqda zarb qilingan.
Yangi islomiy tanganing zarb qilinishi Vizantiya imperiyasiga ma’qul kelmadi. Imperator Yustinian II musulmonlarning tangadan uning surati va xochni olib tashlashganini bilgach, ularga qarshi urush boshladi. Ammo urushda mag‘lub bo‘ldi.
Abbosiy dinori. Xalifa Abul Abbos (750-754) umaviylar zarb qilgan shiorlarni tangalardan o‘chirtirgan. Naqsh bilan yozilgan «Ixlos» surasning o‘rniga «Muhammadur-Rosululloh» jumlasi bitilgan. Keyinchalik xalifa Horun ar-Rashid tangalarga o‘zining va farzandi Aminning ismini yozdirgan. Shu bilan Islom o‘lkalarida tangalarga hukmdor ismini yozdirish ommalashgan.
Misr va Shomni Abbosiylardan ayro mustaqil idora qilgan Ahmad ibn Tulun (868-884) ham Horun ar-Rashid va Aminning ismlarini o‘chirtirmay, abbosiy xalifasi ismining ostiga o‘z ismini yozdirgan.
Fotimiy dinori. Fotimiylar davriga kelib tangalarga avval ishlatilmagan iboralar naqsh qilindi. Masalan, hazrati Aliga ishora qilinib fotimiy tangalari «Vasiylarning eng afzali va eng yaxshi Rasulning vaziri» ma’nosini anglatuvchi «Afdolul-vasiyyiyn va vaziyru xoyril-mursaliyn» (أفضل الوصيين ووزير خير المرسلين) iborasi tushirilgan holda zarb qilingan.
Fotimiy xalifa Mu’iz (953-975) «Mu’izziy dinor» nomli yangi tanga zarb qilgach, «Abbosiy dinori» bilan «Mu’izziy dinori» o‘rtasida qattiq raqobat vujudga keldi. Xalifa Mu’iz xorijdagi soliq yig‘uvchilarga «Mu’izziy dinori» bilan xiroj yig‘ishlarini buyurdi. Natijada odamlar orasida «Mu’izziy dinori»ga talab ortib, «Abbosiy dinori»ning qadri tushib ketdi.
Mamluklar davrida ilk bor tangalarga malika ismi yozilgan. Ushbu malika Solih Najmuddin Ayyubiyning ayoli Shajarotud-Dur (vaf. 1257) dir. Bu davrga kelib tangalar g‘alabalarga bog‘liq tarzda zarb etila boshlandi. Jumladan, 1260 yilda Sayfuddin Qutuzning mo‘g‘ullar ustidan qozongan g‘alabasi sharafiga «G‘olib podshoh, dunyo va din qilichi Qutuz» (الملك المظفر سيف الدنيا والدين قطز) yozuvi aks ettirilgan tanga zarb qilingan.