SSV: Ona va bola salomatligi muassasalari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi

A A A
SSV: Ona va bola salomatligi muassasalari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi

Joriy yil 5 fevral kuni Prezident raisligida o‘tgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda tibbiyotdagi bir qator muhim masalalar qatorida onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham so‘z yuritilib, endilikda har bir ona va bola o‘limi “favqulodda holat” deb baholanishi va shunga muvofiq chora ko‘rilishi ta’kidlangan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi, sohadagi vaziyatni tartibga solish va kelgusidagi rejalarni tizim mas’ullariga qat’iy belgilab berish maqsadida kuni kecha Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A. Xudayarov tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida soha mutaxassislari bilan videomuloqot o‘tkazildi.

Ma’lumki, 2023 yilning 8 sentyabrida qabul qilingan Prezidentning tegishli qaroriga asosan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish maqsadida sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari yagona tizimga birlashtirildi.

Natijada aholisining 17 million nafardan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadigan mamlakatimizda 9,2 million nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarga sifatli va tizimli tibbiy xizmat ko‘rsatish, tug‘ilajak bolalar salomatligini nazorat qilishning yaxlit mexanizmi yaratildi.

O‘tkazilgan muloqotda 22 mingdan ziyod o‘ringa ega bo‘lgan 229 ta tug‘uruq, 11 million nafar bolaga xizmat qilayotgan 13 mingdan ortiq o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasasi faoliyati jiddiy tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, sohada zarur sharoitlar yaratilganiga qaramay, hozirga qadar tug‘ish yoshidagi ayollarning tibbiy ko‘rigi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Homiladorlikka mutlaq moneligi bo‘lgan ayollar ro‘yxatlari to‘liq jamlanmagan. Ular bilan hududda individual ishlash talab darajasida emas.

Natijada qandli diabet, jigar sirrozi, xavfli o‘sma va arterial gipertoniya kabi kasalliklari bo‘lgan ayollar homilador bo‘lmoqda va hayoti xavf ostida qolyapti.

Har bir tibbiy brigada tarkibida alohida doya hamshirasi shtati ajratilgani hamda vazifalari aniq belgilab berilganiga qaramay, birlamchi tizimda ularning tibbiy nazorati yetarli darajada olib borilmayapti. Shu bois tibbiy brigada doyalari bu borada tegishli patronaj tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirishi kerak ekani alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda 2023 yil 8 sentyabrdagi Prezident qarori va davlat rahbarining 2024 yil 5 fevraldagi topshiriqlaridan kelib chiqib, soha vakillari zimmasiga qator vazifalar yuklandi.

Unga ko‘ra, endilikda homiladorlikka mutlaq yoki nisbiy moneligi bo‘lgan va homiladorligi asorat bilan kechayotganlar birlamchi tizimdagi “Ayollar maslahatxonasi”da tug‘uruq komplekslari shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kundalik reja asosida sog‘lomlashtirish chorasi ko‘riladi.

Patronaj doyasi o‘z uchastkasidagi har bir homilador ayolning ambulator va stasionar sharoitdagi tekshiruv va davolash jarayonlarini nazoratga olib, shaxsan kuzatib boradi.

Tug‘uruq komplekslarining barcha akusher-ginekolog, neonatolog, anesteziolog-reanimatologlarining reja asosida kundalik, haftalik va oylik malaka oshirishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil 1 martga qadar tug‘ish yoshidagi ayollarning tibbiy ko‘rik tartibi va hisobot shakllari jahon andazasi va zamonaviy talablar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinika akusher-ginekologlari va doyalarning funksional vazifalari qayta belgilanadi.

Hududlarga biriktirilgan yetakchi akusher-ginekologlarning amalga oshiradigan asosiy vazifalari ishlab chiqiladi.

Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, vazirlik huzurida yaqinda tashkil etilgan Reproduktiv salomatlik bo‘yicha shtab faoliyatini yanada jonlantirish vazifasi qo‘yildi.

Muloqot yakunida onalar va bolalar salomatligi sohasida erishiladigan natijalar millatning nafaqat buguni, balki kelajagi uchun ham muhim ekani ta’kidlandi. Buning uchun sohadagi har bir xodim, har bir rahbar o‘z ishiga vijdonan yondashib, homilador ayol va tug‘ilajak bola salomatligi uchun shaxsiy javobgarlikni aslo unutmasligi lozimligi aytib o‘tildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!