Soliq sohasida tadbirkorlarga ayrim yengilliklar e’lon qilindi
Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shma axborotida ma’lum qilinishicha:
2022 yil 1 apreldan «E-aktiv» dasturidan majburiy foydalanish to‘g‘risidagi talab faqat 4 toifadagi tovarga tatbiq qilinadi (sement, shisha, yog‘och va paxta).
✍️ Dasturni tajribadagi 4 turdagi tovar bo‘yicha qo‘llash natijalaridan kelib chiqib, tovarlar ro‘yxati Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bunda dasturni barcha toifadagi tovarlarga joriy etishni 2023 yil IV chorakda yakunlash rejalashtirilmoqda.
❌ «E-aktiv» dasturiy mahsulotidan foydalanmaganlik (tajriba tovarlari toifasiga kiritilgan tovarlar bundan mustasno) hamda haqiqatda yetkazib berilgan tovarga (xizmatga) mos kelmaydigan mahsulot va xizmat indentifikasiya kodlarini ko‘rsatgani uchun soliq to‘lovchilarga nisbatan javobgarlik choralari 2022 yil 1 sentyabrga qadar qo‘llanilmaydi.
✅ Soliq to‘lovchilarning quyidagi soliq xavfi mezonlari (holatlari) qo‘llanilishi 2023 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turiladi:
● rahbar shaxsining yoki moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirayotgan shaxsning YAMMTda tasdiqlanmaganligi;
● o‘z ko‘chmas mulki, ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan ko‘chmas mulki yo‘qligi;
● soliq to‘lovchining manzili nominal joylashgan joy manzili bilan to‘g‘ri kelishi (18 kvadrat metrdan kam);
● oxirgi 12 oy ichida soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaslik holatlari mavjudligi;
● yollanma ishchilari yo‘qligi yoki 4 nafardan kamligi.
📌 Ushbu mezonlar yirik soliq to‘lovchilarga va QQS to‘lovchisi sifatida yangi ro‘yxatdan o‘tayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan to‘xtatilmaydi.
📉 Soliq kodeksiga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan boshlab mol-mulk solig‘i hisoblanishi 1 kvadrat metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan eng kam qiymatni (soliq solinadigan baza sifatida) hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
✏️ Hududiy moliya va soliq organlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga kamaytiruvchi koeffisiyentlarni yanada kengroq qo‘llash yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
🔎 Suv haydash minoralari, rezervuarlar, soyabonlar, beton maydonchalar va devorlar (bordyurlar) hamda boshqa shunga o‘xshash ob’ektlar bo‘yicha soliq bazasini 2021 yildagi tartibga o‘xshash aniqlash tartibi saqlab qolinadi.
