Sil qanday kasallik? Unda saqlanish uchun nimalar qilish kerak? Ekspert bilan suhbat

Sil qanday kasallik? Unda saqlanish uchun nimalar qilish kerak? Ekspert bilan suhbat

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 10 milliondan ortiq odam sil kasalligidan aziyat chekadi. Eng achinarlisi, ushbu kasallikning davosi bo‘lsa-da, har yili 2 millionga yaqin kishi uning oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. Buning sabablaridan biri aholining sil kasalligi xususida yetarlicha ma’lumotga ega emasligidir.

Sil xususida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lish va mavzu doirasida savollarimizga javob olish maqsadida Buxoro viloyati ftiziatriya va pulmonologiya markazining tashkiliy uslubiy ishlar bo‘lim mudiri, oliy toifali ftiziatr vrach Jamshid Rahimov Jalilovich bilan suxbatlashdik.

—Assalomu alaykum, Jamshid Jalilovich. Avvalambor, vaqt ajratganingiz uchun tashakkur! Dastlab bizga sil kasalligi xususida ma’lumot bersangiz.

— Assalomu alaykum! Albatta, dunyoning ko‘p mamlakatlarida aholining katta qismi sil mikobakteriyasi bilan zararlangan. Sil – umumiy yuqumli kasallik bo‘lib, organizmning hamma a’zolarini shikastlashi mumkin. Uni ko‘zga ko‘rinmaydigan mayda bakteriyalar – sil tayoqchalari yuzaga keltiradi. Sil tayoqchalari organizmga kirgach, uzoq vaqt yashovchanligini saqlab qoladi. Oradan ko‘p yillar o‘tgach, organizm uchun noxush sharoitlar ta’sirida, ko‘p hollarda, sil tayoqchalari o‘pkani zararlaydi, ba’zi hollarda markaziy nerv tizimi, suyak-bo‘g‘im, buyraklar, jinsiy a’zolar, limfa tugunlari, qorin bo‘shlig‘i a’zolari, teri, ko‘z va boshqa a’zolar sili rivojlanishi mumkin.

— Sil kasalligi qanday yo‘llar orqali yuqadi? Insoniyat bu kasallikdan qay darajada himoyalangan?

— Sil tayoqchalari ko‘p hollarda organizmga nafas yo‘li orqali o‘tadi, o‘pka to‘qimalarida rivojlanadi va ko‘payadi. O‘pka to‘qimasida bo‘shliq (kaverna)lar hosil bo‘ladi. Bu bo‘shliqlarda millionlab sil mikroblari bo‘ladi. Mikroblar bemor yo‘talganda, aksirganda, qattiq gaplashganda, tupurganda balg‘am zarralari bilan atrofga otilib chiqadi va sachraydi. Bu ko‘zga ko‘rinmas balg‘am zarralarida minglab sil tayoqchalari bo‘ladi. Sil bakteriyalari bir necha soatgacha saqlanishi mumkin, ayniqsa xona havosida uzoq vaqt saqlanib qoladi. O‘pka sili bilan kasallangan bemor xonada uzoq vaqt qolsa, bakteriyalarning soni ko‘payib, boshqa kishilarning nafas yo‘llariga o‘tadi. Bu silni yuqtirishning asosiy yo‘li bo‘lib, havo-tomchi usuli deb yuritiladi. Bemor duch kelgan joyga balg‘am tashlasa, vaqt o‘tib qurib, sil tayoqchalari havoga chang bilan ko‘tariladi va nafas yo‘llari orqali sog‘lom kishilarga o‘tadi. Demak hech kim sil tayoqchalarning yuqishidan himoyalangan emas, chunki havo hamma uchun umumiydir.

Sil qanday kasallik? Unda saqlanish uchun nimalar qilish kerak? Ekspert bilan suhbat

Foto: Google Photos

O‘pkadagi sil tayoqchalari

— Kasallikning asosiy simptomlari haqida gapirib o‘tsangiz. Sil kasalligiga chalingan kishilarda qanday belgilar kuzatiladi?

— Kasallikning dastlabki belgilari:

  • yo‘talning 2 haftadan ortiq davom etishi;
  • vaqti-vaqti bilan isitmaning ko‘tarilishi;
  • darmon qurib, tez charchash, ortiqcha ko‘p terlash;
  • ozib ketish;
  • ishtahasizlik;
  • ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘lishi.

Yuqoridagi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarur. Shifokorga qanchalik erta murojaat qilinsa, davolanish shunchalik samarali bo‘ladi. Sil bilan og‘riyotgan bemorlar tavsiya etilgan dorilarni o‘z vaqtida qabul qilishlari hamda davolash kurslarini to‘xtatmasliklari shart!

— Sil kasalligini yuqtirganlarda kasallik qanday kechadi?

— Sil bakteriyalarini yuqtirganlarning barchasida ham kasallik rivojlanmaydi. Kasallikning rivojlanishi organizmning immuniteti, ya’ni organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligiga bog‘liq. Organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligi (immunitet) pasayganda, kasallikning rivojlanish ehtimoli ortadi. O‘z vaqtida ovqatlanmaslik, kashandalik, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish kabilar insonning kasallikka qarshi kurashuvchanligi xususiyatlarini susaytiradi hamda sil kasalligining rivojlanishiga zamin yaratadi.

Sil ko‘p hollarda gripp yoki nafas yo‘llarining shamollashi niqobi ostida kechadi. Nafas yo‘llarini shamollashida ishlatiladigan dorilar esa sil tayoqchalariga ta’sir qilmaydi. Oqibatda odam kasallikni o‘tkazib yuboradi. Agar bemor vaqtida davolanmasa, yo‘tal kuchayib, balg‘am ajralib chiqadi, ba’zan qon tupuradi.

Sil qanday kasallik? Unda saqlanish uchun nimalar qilish kerak? Ekspert bilan suhbat

Foto: Shutterstock

— Sil kasalligini davolash mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, bemor nimalarga e’tibor qaratishi lozim?

— Sil uzoq davom etadigan kasallik. Uni davolash 6—8 oy muddatni talab etadi. Bu muddat davomida shifokor tavsiya etgan dorilarni qabul qilishda tanaffusga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar bemor davolanish davomida o‘zini yaxshi his etib, dorilar ichishni to‘xtatib qo‘ysa yoki vaqtida ichmasa, sil tayoqchalari dorilarga nisbatan chidamlilikni shakllantiradi, oqibatda sil tayoqchasining bu doriga chidamli bo‘lgan boshqa kuchliroq turlari paydo bo‘ladi. Silning bu turlariga qarshi kurashish ancha qiyin kechadi, davolanish uzoq cho‘ziladi. Agar bemor davolanmasa, kasallik o‘limga olib keladi. Davolanish davomida kasallikning yuqumliligi kamayib boradi.

— Xalq orasida sil kasalligining avloddan avlodga o‘tishi xususida fikrlar yuradi. Shu fikrlar qay darajada to‘g‘ri?

— Sil irsiy kasallik emas, u nasldan naslga o‘tmaydi. Faqat yaqin muloqotda bo‘lganligi sababli bemorning oila a’zolariga kasallikning yuqish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shuning uchun sil kasalligi ba’zi hollarda oilaviy ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin.

— Yurtimizda sil kasalligi profilaktikasi bilan bog‘liq amaliyotlar xususida ham ma’lumot bersangiz

— Sil kasalligini aniqlash va davolash xizmatlari bepul ko‘rsatiladi. Hozirgi vaqtda silga qarshi emlash (BSJ) tug‘ruqxonada, chaqaloq hayotining birinchi kunlarida o‘tkaziladi. Emlashning ta’siri 5—7 yildan keyin kamayadi. Shu munosabat bilan qayta emlashlar o‘tkaziladi.

— Sil kasalligiga chalinmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

  • Har yili kamida bir marta shifokor nazoratidan o‘tib turing.
  • Kashandalik, ichkilikbozlik va giyohvandlik kabi illatlarni shakllanishiga yo‘l qo‘ymang, chunki ular kasallik rivojlanishiga zamin yaratadi.
  • Kun davomida o‘z vaqtida ovqatlaning.
  • Xonalarga quyosh nuri tushib turishini ta’minlang. Sil tayoqchalari zax va qorong‘i joylarda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Qishda fortochkani ochib, xonani tez-tez shamollatib turing. Iliq va issiq kunlarda esa derazani kun bo‘yi ochib qo‘ying.
  • Xonalar, jihozlari changini nam yoki ho‘l latta bilan arting.
  • O‘rin-ko‘rpa, yostiq kabi yuvilishi qiyin bo‘lgan buyumlarni oftobda yoyib turing.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!