O‘zbekiston tashqi savdosida barqaror o‘sish: importda Xitoy ta’siri kuchaymoqda

2024 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarga yetdi. Eksport 16,9 mlrd dollar, import esa 20,1 mlrd dollarni tashkil etdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ma’lum qilishicha, tashqi savdo tafovuti 3,2 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 mlrd dollarga kamaydi. Iyun oyida eksport o‘tgan oyga nisbatan 16,9 foizga o‘sdi. Biroq, oltin eksporti deyarli to‘xtagan: oy davomida bor-yo‘g‘i 13,4 mln dollarlik oltin sotilgan. Energiya tovarlari eksporti ham sekinlashdi. Shu bilan birga, oltinsiz eksport 16,1 foizga, oltin, energiya va xizmatlarsiz eksport esa 15,8 foizga o‘sdi.
May oyi bilan taqqoslaganda, iyunda eksportda oltinsiz tarkibiy o‘sish sezilarli bo‘ldi. Mayda bunday eksport 9,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, xizmatlar va energiyasiz eksport aksincha 1,1 foizga pasaygan edi. Bu tendensiyada ishlab chiqarish asosidagi eksport ulushining oshishi kuzatilyapti.
Iyun oyida import 25,1 foizga oshdi. May oyida bu ko‘rsatkich 6,5 foiz bo‘lgan. Importdagi bu o‘sishga asosiy sabab — Xitoydan kelayotgan tovarlar hajmi keskin ortishi. Xususan, Xitoydan olib kirish hajmi 52 foizga ko‘paygan. Bu AQShning yangi tarif siyosati va global savdo urushlari fonida yuz bermoqda. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Hindistondan olib kirilayotgan mahsulotlar ham sezilarli darajada ko‘paygan.
Eksport yo‘nalishida Rossiya (20,3 foiz), Afg‘oniston (15,5 foiz), Qozog‘iston (17,4 foiz) va BAA (2,3 barobar) kabi mamlakatlar yetakchilik qilmoqda. Ammo Xitoy, Turkiya va Qirg‘izistonga eksport miqdori pasaygan. Xususan, Turkiyaga eksport besh oydirki, uzluksiz kamaymoqda.