Shigeru Ishiba Yaponiyaning yangi bosh vaziri bo‘ladi
Sobiq mudofaa vaziri Shigeru Ishiba Yaponiya Liberal-demokratik partiyasining (LDP) yangi raisi etib saylandi, deya Kyodo xabar berdi.
Ovoz berishning ikki bosqichi natijalariga ko‘ra, Ishiba 409 tadan 215 ta ovoz oldi. Jami partiya rahbari lavozimiga to‘qqiz nafar nomzod da’vogarlik qildi.
Ishibaning asosiy raqibi Yaponiya iqtisodiy xavfsizlik vaziri, 63 yoshli Sanae Takaiti edi — u 194 ta ovoz oldi.
LDP parlamentda ko‘pchilik ovozga ega, shuning uchun 1 oktyabr kuni parlament tomonidan tasdiqlangandan so‘ng Isiba mamlakat bosh vaziri bo‘ladi. U siyosiy mojarolar fonida ikkinchi muddatga saylanmaslikka qaror qilgan Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishidaning o‘rnini egallaydi.
BBCning ta’kidlashicha, 67 yoshli Ishiba jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlarning aksariyatida yetakchilik qilgan. Bu uning beshinchi urinishi va siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, LDPni boshqargan so‘nggi urinishi edi
Bo‘lajak bosh vazir o‘zining liberal qarashlari bilan mashhur. U, xususan, imperator xonadoni ayollarining imperator taxtini egallashlari tarafdori edi. Bu yapon jamiyati uchun juda bahsli mavzu bo‘lib, LDPning ko‘plab a’zolari ham bunga qarshi chiqishmoqda.
Ishiba, shuningdek, ayollarga nikohda qizlik familiyasini saqlab qolish imkonini beruvchi qonunni qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa LDP konservativ vakillarining qarshiligiga sabab bo‘ldi. Unga yutqizgan Takayiti aksincha, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni yoqlab chiqdi.
Bundan tashqari, Ishida Kishidani omma oldida tanqid qildi, bu yapon siyosatida kam uchraydigan holatdir. Uning keskin ochiqligi partiya ichida norozilik uyg‘otgan bo‘lsada, jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi, deb yozadi BBC. Bir kuni u hamkasblari bilan muloqotdan ko‘ra kitob o‘qishni afzal ko‘rishini va kuniga uchtadan kitob o‘qishini aytgan.
Xavfsizlik sohasida Ishida Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi yuqori keskinlik tufayli mintaqada NATOning Osiyo versiyasini yaratishni taklif qilmoqda, deb yozadi Kyodo. Biroq, u yomon kunlarni boshdan kechirayotgan Yaponiya iqtisodiyotini qanday boshqarishi noaniqligicha qolmoqda, deb ta’kidlaydi nashr. Avvalroq siyosatchi moliyaviy daromadlarga yuqori soliq joriy etish g‘oyasini ilgari surgan edi.