Shaytondan qutulishning oson yo‘li bor

Shaytonlar odamlarning aqiydasi, irodasi va amalini boshqarib turishi mumkinmi?
Agar banda Alloh taoloning aytganini qilib yursa, jinlar unga qarshi hech narsa qila olmaydi. Ammo odam bolasi gumroh bo‘lib, o‘zi shaytonning malayi bo‘lib olsa, o‘zidan ko‘rsin.
Alloh taolo Hijr surasida aytadi:
«Albatta, senga bandalarim ustidan hukmronlik yo‘qdir, senga ergashgan gumrohlargina mustasno» (42-oyat).
Bu oyati karimada Alloh taolo Iblisga xitob qilib, «Mening muxlis bandalarimga sening hukming ham, gaping ham o‘tmaydi. Ziynatlashing ham, yo‘ldan ozdirishing ham ta’sir etmaydi. Sening bu narsalaring faqat senga ergashgan, yo‘ldan adashgan gumrohlargagina o‘tadi va ta’sir qiladi», demoqda.
Shayton vasvasa qilishdan boshqaga yaramaydi. O‘sha paytda banda sergak bo‘lib, o‘zini o‘nglab olsa, uning vasvasasidan qutulib qoladi. Ammo bandaning o‘zi shaytonning vasvasasiga uchsa, uning malayiga aylanib qolishi hech gap emas.
Alloh taolo A’rof surasida marhamat qiladi:
«Agar senga shayton tomonidan sanchish sanchilsa, Allohdan panoh so‘ra. Albatta, U o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir. Qachon taqvo qiluvchilarga shaytondan bir sharpa yetsa, ular albatta zikr qilarlar, bas, qarabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar. Va u(shayton)larning birodarlari yo‘ldan ozdirishda ularga madad berarlar, so‘ngra sustlik qilmaslar» (200-202-oyatlar).
Ya’ni mabodo biror ko‘ngilsizlik sodir bo‘lib, shayton vasvasa qiladigan bo‘lsa, tahlikaga tushmasdan, darhol Allohdan panoh so‘ra. U eng yaxshi eshituvchi Zot, so‘rovingga darhol javob beradi. U eng yaxshi ko‘ruvchi Zot, hamma narsani ko‘rib turibdi. O‘zi bilib hisob-kitob qiladi.
«Qachon taqvo qiluvchilarga shaytondan bir sharpa yetsa, ular albatta zikr qilarlar, bas, qarabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar».
Shayton nima qilganda ham, vasvasadan nariga o‘ta olmaydi. Agar o‘zicha bilib harakat qilsa, har bir inson uchun shaytonning vasvasasidan qutulishning oson yo‘li bor. Buning uchun u mo‘min-musulmon, taqvodor bo‘lsa bo‘ldi.
«Qachon taqvo qiluvchilarga shaytondan bir sharpa yetsa, ular albatta zikr qilarlar».
Ya’ni ularga shaytonning vasvasasi yetsa, darhol Allohni zikr qiladilar.
«...bas, qarabsanki, ular ko‘ruvchi bo‘lib turibdilar».
Allohni zikr qilish, har doim eslab yurish jin va shaytonga qarshi eng ishonchli va kuchli quroldir.
Demak, shaytondan biror bir sharpa (vasvasa, ig‘vo va g‘azab) yetishi jaholat, ko‘rlik va nodonlikka boshlaydi. Allohning zikri esa ilm-ma’rifat, ko‘zi ochiqlik va oqillik manbaidir.
Ammo shayton birodarlarining ahvoli boshqacha:
«Va u(shayton)larning birodarlari yo‘ldan ozdirishda ularga madad berarlar, so‘ngra sustlik qilmaslar».
Shaytoni la’inning birodarlari tinmay ig‘vo qiladilar, odamlarni yo‘ldan ozdirishga urinadilar. Oxiratda shayton o‘ziga ergashganlardan tonadi va ularga ta’siri o‘tmasligini tan oladi.
Alloh taolo Ibrohim surasida marhamat qiladi:
«Ish bitib bo‘lganda shayton: «Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa sizga va’da berdim-u, va’damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da’vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz. Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling. Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman. Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi» (22-oyat).
Bu dunyoda har bir gunoh ishning boshida turgan, har yomon qilmishga bosh-qosh bo‘lgan la’nati shayton u dunyoda hamma ish bitib, hukm chiqqandan so‘ng paydo bo‘ladi. Bir-birini malomat qilib turgan, o‘zlariga ergashgan kuchliyu zaif izdoshlariga qarab, so‘z boshlaydi:
«Albatta, Alloh sizga haq va’dani qilgan edi. Men esa sizga va’da berdim-u, va’damga xilof qildim».
Shayton shaytonligiga boradi. Ish tugab bo‘lganidan keyin, ochig‘ini aytadi. U dunyoda kishilarning qalbiga vasvasa solgan edi. «Hech narsa bo‘lmaydi, har kimning aytganiga yurib, o‘zingni qiynama, bu besh kunlik dunyoda o‘ynab qolmasang, shuyam hayotmi» kabi avrashlar bilan ularni adashtirgan edi. Ularga turli va’dalarni bergan edi. Endi bo‘lsa «Allohning va’dasi haq, meniki nohaq edi», deb turibdi. Buning ustiga, hamma ishni qilib qo‘yib, yana butun aybni o‘ziga ergashgan, gapiga kirganlarga ag‘daryapti:
«Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo‘q edi. Faqat da’vat qilsam, o‘zingiz menga ijobat qildingiz».
O‘ylab ko‘rmaysizmi? Chaqirsa, ketaverasizmi? Men mutlaqo sizlarning ustingizda hokim emas edim. Sizni kufrga, isyonga chaqirgan vaqtimda mening gapimga kirmasangiz, sizga qarshi hech narsa qila olmas edim. Illo, o‘zingiz xohlab, mening gapimga kirdingiz, aytganimni qildingiz. Shuning uchun
«Bas, meni malomat qilmang, o‘zingizni malomat qiling».
Ayb o‘zingizda. Bu noqulay holga tushib qolganingiz uchun faqat o‘zingizni ayblang. Menga osilib yurmang.
«Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar».
Har kim qilganiga yarasha tortaveradi. Ammo
«Endi men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman».
Sizlarga «Meni Allohga sherik qilib olinglar, uning aytganini emas, mening aytganimni qilinglar», deganim yo‘q. Bu gapni aytsangiz, men inkor etaman. Sizlar meni Allohga sherik qilib olib, katta zulm qilgansizlar.
Mo‘min-musulmon inson Qur’onda kelgan har bir xabarga iymon keltirishi farz. Xudo ko‘rsatmasin, Qur’ondagi biror xabarga shubha bilan qarash, ishonmaslik kofirlik bo‘ladi. Shundan kelib chiqilsa, jin haqida Qur’onda oyat kelishi ularning borligiga iymon keltirishni barcha musulmonlarga farz qiladi. Shunday ekan, bir oz to‘laroq tushunish uchun bu borada kerakli ma’lumotlarni o‘rganib qo‘yishimiz zarur.
Ma’lumki, dunyo siru asrorlarga to‘la. Biz hali mohiyatini, sifatini, ta’sirini bilmaydigan hodisalar, holatlar atrofimizda to‘lib-toshib yotibdi. Biror narsa ko‘zimizga ko‘rinmasa, uni yo‘q deyishga haqqimiz yo‘q. Har kuni yangi narsalar, maxluqotlar kashf etilyapti. Kecha bilmagan narsalarimiz bugun kashf etilsa, biz uni yo‘q edi, deya olmaymiz. Balki kecha bu bor narsani biz bilmas ekanmiz, deymiz. Hozirgi kunda o‘tgan ajdodlarimiz bilmagan, xayoliga ham keltirmagan qanchadan-qancha narsalarni bilyapmiz. Albatta, biz bilgan narsalar keyingi avlodlar uchun oddiy narsaga, o‘yinchoqqa o‘xshab qoladi. Bu narsalar Alloh taolo insonga bergan qobiliyatlar yordamida kashf qilinmoqda, bularning hammasi inson idroki chegarasidagi narsalardir. Kelajakda yana ko‘p narsalar kashf etilishi turgan gap. Demak, biror narsani bor yoki yo‘q deb jazm ila hukm chiqarib yuborishga hech kimning haqqi yo‘q.
Idrokimiz yetmaydigan narsalarni Alloh taoloning O‘zi kashf etib bersa, biz bandalar shukr qilib qabul etmog‘imiz lozim. Jumladan, jinga ishonish masalasida ham shunday: Alloh taolo O‘z kalomida siz bilan bizga jinlar haqida ma’lumot bergan ekan, uni ixlos bilan qabul etib, ishonib, iymon keltirmog‘imiz lozim.
Manba: islom.uz