Shaxsiy hayot, oilaviy sirlarni tarqatganlarga qanday jazo bor?

Shaxsiy hayot, oilaviy sirlarni tarqatganlarga qanday jazo bor?

Insonning ozodligi, sha’ni-yu qadr-qimmati bebaho va daxlsiz qadriyat sifatida ulug‘lanadi. Shunga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunan muhofaza qilinadi. Afsuski, hozirgi kunda fuqarolar tomonidan ushbu tartib-qoidalarga rioya qilmaslik natijasida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning shaxsiy hayotiga tegishli ma’lumotlar, xabarlar tarqatish kabi holatlar ko‘plab uchramoqda. Bunday ishga qo‘l urgan odam qonun oldida javob beradimi? Unga qanday jazo qo‘llanadi?

Shaxsga doir ma’lumotlar nima?

«Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra shaxsga doir ma’lumotlar deganda muayyan jismoniy shaxsga taalluqli bo‘lgan yoki uni identifikasiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot tushuniladi. Masalan, jismoniy shaxsning:

– ismi, familiyasi, otasining ismi;

– tug‘ilgan vaqti, tug‘ilgan joyi;

– vaqtincha yoki doimiy yashash joyi;

– oilasi, ijtimoiy holati;

– ma’lumoti, kasbi, lavozimi, ish joyi;

– daromadlari va mulkiy holati;

– telefon raqami;

– shaxsiy surati (foto va hk.);

– biometrik va genetik ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar.

Shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi

Agar shu shaxsiy va oilaviy sirga oid ma’lumotlar shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda olinsa, saqlansa va tarqatilsa, bu ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

1. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 46(1)-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Masalan, siz bir uylangan erkak tanishingizning boshqa bir ayol bilan ishqiy munosabatlaridan xabardor bo‘lib qoldingiz (uning telefonidagi ma’lumotlar orqali yoki o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘ldingiz). Ushbu ma’lumotlarni tanishingizning xotiniga yoki yaqin qarindoshlariga (yoki internetda butun jamiyatga) yetkazmoqchi bo‘lsangiz, bu qilmishingiz yuqorida keltirilgan huquqbuzarlik hisoblanadi.

Jinoiy jazo ham qo‘llanadimi?

Agar shaxs bunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, bu endi jinoyat hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 141(1)-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Lekin quyidagi holatlarda shaxsiy va oilaviy sirga oid ma’lumotlar shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda olinganda, saqlanganda, tarqatilganida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi (ma’muriy javobgarlik qo‘llanmasdan).

Ushbu harakatlar:

a) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa (masalan, shaxsiy siri tarqatilishi oqibatida shaxs o‘z joniga qasd qilsa);

b) g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa (shaxsiy hayotga doir ma’lumotni tarqatishda moddiy naf ko‘rishni qasd qilsa, tovlamachilik alomatlari bo‘lmasa);

v) xavfli residivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa.

3 ma’lumot:

  1. Shaxsga doir ma’lumotlar shaxsning o‘z shaxsiy hayotida o‘z xohishi bilan saqlanishi, tarqatilishi mumkin.
  2. Shuningdek, qonunda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan ham ushbu ma’lumotlar talab qilib olinishi, saqlanishi, ularga ishlov berilishi, tarqatilishi mumkin. Masalan, ayrim davlat organlari (Ichki ishlar vazirligi, migrasiya va fuqarolik xizmatlari, Davlat chegara xizmati) sizning shaxsingizga oid ma’lumotlarni tegishli tartibda oladi va saqlaydi (masalan, pasport olishingizda ushbu ma’lumotlar olinadi).
  3. Yoki ishga kirishda siz o‘z xohishingiz bilan mazkur shaxsga doir ma’lumotlarni ish beruvchiga taqdim etasiz (anketa, pasport, diplom nusxalari va hokazo).

Har qanday holatda ham shaxsga doir ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda olinishi, ishlov berilishi va saqlanishi shart.

Sherbek INOMJONOV,

Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi

Lola SHOIMOVA, jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!