«Severstal»ga qo‘yilgan taqiqning O‘zbekistonga ta’siri

«Severstal»ga qo‘yilgan taqiqning O‘zbekistonga ta’siri

AQSh Rossiyaga, jumladan, eng yirik metallurgiya korporasiyasi «Severstal»ga qarshi yangi sanksiyalar paketini qabul qildi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 11,65 million tonna po‘lat ishlab chiqargan, uning 47 foizi tashqi bozorlarga to‘g‘ri keladi. Cheklovlar kiritilgandan keyin eksport shartnoma majburiyatlarini bajarish, mahsulot yetkazib berish va xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish ancha qiyinlashadi.

Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, kiritilgan yangi sanksiyalar kompaniyaning deyarli barcha eksport aloqalariga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Kompaniya Evropa Ittifoqi va AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani sababli chet eldagi kontragentlar uning mahsulotlarini sotib olishdan bosh tortishi mumkin. Uchinchi davlatlar orqali eksport qilish ham qiyinlashadi – potensial xaridorlar ikkilamchi sanksiyalar tahdidi ostida qolishadi.

“Sanksiyalar metallurgiya kompaniyalarini eksport oqimini Yevropa premium bozoridan Turkiya va Osiyo mamlakatlariga, birinchi navbatda, Xitoyga yo‘naltirishga majbur qilmoqda. Natijada, ilgari eksportning 10-20 foizi Osiyo hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endi uning ulushi 50 foizdan oshib ketdi. Shu bilan birga, vaziyatdan foydalanib, osiyolik va turkiyalik mijozlar katta chegirmalarni talab qiladilar. Bu domen usulida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning eksport narxi, dollar kursi 63,5 rublga teng bo‘lgan taqdirda, uning tannarxiga deyarli teng yoki undan ham past bo‘lishiga olib keladi”, – deydi «Russkaya stal» uyushmasi ijrochi direktori Aleksey Sentyurin.

Bundan tashqari, «Severstal» muammolari boshqa mamlakatlardan import qiluvchi kompaniyalar uchun ham muammoga aylandi. Ular tanlov qilishiga to‘g‘ri kelmoqda: yo Rossiya korporasiyasi bilan ishlashni davom ettirish yoki rossiyalik yetkazib beruvchilarning o‘rnini bosuvchi boshqa vositani izlash, logistika va xomashyo narxini oshirish. Mazkur cheklovlarga tushib qolish va SWIFT tizimidan uzilish xavfi «Severstal» bilan hamkorlik qilish va banklarning moliyaviy operasiyalarini murakkablashtiradi. "Jabrlanuvchi" tomonlar ro‘yxatiga Yevropa Ittifoqi, Shimoliy Amerika, MDH mamlakatlari va Markaziy Osiyodagi xaridorlar kiradi. Ayniqsa, ro‘yxatning oxirgi ikkitasi uchun rus po‘latini rad qilish, ayniqsa, og‘riqli bo‘lishi mumkin.

“Markaziy Osiyo har doim biz uchun alohida e’tibor zonasidagi mintaqa bo‘lib kelgan. Po‘lat quyish va prokat quvvatlari mavjudligi tufayli biz bozorda eng yaxshi ishlab chiqarish tannarxini taqdim etamiz. Buning natijasida biz mijozlarimizga eng raqobatbardosh narxlar, yuqori ishlab chiqarish tezligi, yetkazib berish intizomi va mahsulot sifatini taklif qila olamiz”, deydi «Severstal» eksport savdosi bo‘limi boshlig‘i Viktor Nikiforov.

Agar 2020 yilgacha «Severstal» MDH davlatlari, jumladan, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonga yiliga 350-400 ming tonna prokat yetkazib bergan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkichni yarim millionga olib chiqish rejalashtirilgandi. Tashkent City biznes markazi, O‘zbekistondagi osma ko‘prik, Tojikistondagi Rog‘un GESi, Qirg‘iziston uzumzorlaridagi ishkomlar, Ozarbayjondagi neft platformalari eng yirik loyihalardir.

Etkazib berishning katta hajmi O‘zbekistondagi eng yirik UzAuto Motors avtomobil konserni ulushiga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda «Severstal» mashinalar ishlab chiqarish uchun asosiy metall yetkazib beruvchi hisoblanadi. Biroq, kompaniya sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng, o‘zaro manfaatli hamkorlikka qaramay, GM (AQSh) bilan alyans doirasida faoliyat yuritayotgan UzAuto Motors kompaniyasi siyosati o‘zgarishi kerak.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisiga eng yaxshi muqobil variant Osiyo mamlakatlari yetkazib beruvchilaridir. Ammo bu xomashyoning o‘zi va uning logistikasiga ta’sir qiladi, albatta – boshqalar ishlab chiqargan po‘latga o‘tish uning narxi, taxminan, 42%ga oshishiga olib keladi. Po‘lat yetkazib beruvchining o‘zgarishi tabiiyki, uni yetkazib berish muddatiga ham ta’sir qiladi. Biroq UzAuto Motors har qanday holatda ham ikkilamchi sanksiyalar xavfi tufayli bu taqiqni chetlab o‘ta olmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!